19:10 / 29.08.2016
45395

Ta'lim muassasalarida yangi o‘quv yili qaysi kundan boshlanishiga aniqlik kiritildi

Foto: O‘zA

Prezident qaroriga binoan 4 sentabr yakshanba dam olish kuni 2 sentabr juma kuniga ko‘chirilgani haqida xabar berilgan edi. Bu qaror tufayli ko‘pchilikda yangi o‘quv yilining ilk kuni qachon bo‘lishi borasida savollar tug‘ilmoqda edi. Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z saytida bu savollarga aniqlik kiritdi.

"Oliy ta'lim muassasalarida yangi 2016/2017 o‘quv yili 4 sentabr, yakshanba kunidan boshlanadi. Bu haqida 28 avgust kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi barcha OTM rektorlari va filiallar direktorlariga yo‘llagan №87-04-1393-sonli xatda ma'lum qilingan", degan mutaxassis.

Shuningdek, maktablar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida ham yangi o‘quv yilining dastlabki kuni 4 sentabr, yakshanba kuni etib belgilandi.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida ham 1, 2 va 3 sentabr kunlari dam olish kuni bo‘ladi va 4 sentabr, ya'ni yakshanba kunidan ota-onalar o‘z farzandlarini bog‘chalarga olib borishlari mumkin bo‘ladi.

Ishchilar borasida esa, mazkur qaror 5 kunlik ish haftasiga ham, 6 kunlik ish haftasiga ham taalluqli.

5 kunlik ish haftasida, ya'ni shanba rasman dam olish kuni bo‘lgan tashkilot xodimlari 1, 2, 3 sentabr kunlari dam olishadi va 4 sentabr, ya'ni yakshanba kuni ishga chiqishadi.

6 kunlik ish haftasida, ya'ni shanba kuni rasman ish kuni bo‘lgan tashkilot xodimlari 1 va 2 sentabr kuni dam olishadi, 3 va 4 sentabr kunlari odatdagidek ishga chiqishadi.

Top