11:07 / 30.08.2016
9340
Bugatti supersedan ishlab chiqarish g‘oyasini muhokama etmoqda

Bugatti kompaniyasi rahbariyati seriyali Galibier supersedani ishlab chiqarish loyihasini muhokama etishni boshladi. Bu haqda, Fransiya avtomobilsozlik kompaniyasi rahbari Volfgang Dyurxaymerga asoslangan holda Autocar xabar qilmoqda.

«Men hamon ushbu avtomobilga befarq emasman. Chunki unda qator inqilobiy yechimlar mujassamlashgan bo‘lib, ularni shu paytgacha hech kim seriyali modellarida qo‘llamagan», — degan Dyurxaymer.

Xabarlarga ko‘ra, Bugatti Galibier «Folksvagen»ning takomillashtirilgan  MSB shassisi asosida ishlab chiqariladi. Bungacha mazkur platforma negizida yangi avlod Porsche Panamera barpo qilingan edi. Bundan tashqari, Bentley firmasining yangi modellari ham ana shu shassiga quriladi. Bugatti Galibier esa, 2018-yilda paydo bo‘ladigan yangi avlod Rolls-Royce Phantom bilan raqobat qilishi mumkinligi aytilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Bugatti Galibier prototipi 2009-yilda namoyish etilgandi. Ikki yillardan so‘ng, kompaniya rahbariyati savdo belgisini ishlab chiqish loyihasiga ham ruxsat berdi. Biroq, 2013-yili firma o‘z rejalaridan voz kechishga qaror qilib, e'tiborini Veyron giperkarining vorisi — Chiron kupesiga qaratishga ahd qildi.

Endilikda, Dyurxaymerning bayonot berishicha, seriyali Galibier «kompaniyaning 4ta strategik mahsulotidan biri hisoblanadi».

Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Bugatti avtomobillari qatori Type 41 Royale klassik modelining g‘oyaviy davomchisi bo‘ladigan yirik elektr yo‘ltanlamasi bilan boyishi mumkin. U Rolls-Royce kompaniyasining Project Cullinan deb atalayotgan loyihasi mahsuli bo‘luvchi yo‘ltanlamasiga raqobat uyg‘otishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, Bugatti Chiron kupesidan pastroq pog‘onada joylashadigan «kichik» superkar ham paydo bo‘lishi ehtimol.

 

Top