13:39 / 31.08.2016
5337

Notting-Hilldagi karnavalda yuzlab kishilar qo‘lga olindi

Notting-Hillda (London) bo‘lib o‘tayotgan Karib karnavalidagi mislsiz darajadagi tartibsizliklar bayram shukuhiga putur yetkazdi. Bu haqida Daily Mail nashri ma'lum qildi. 

Manbaga ko‘ra, Yevropadagi eng katta ko‘cha karnavalida ikki kun ichida 454 nafar kishi politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Taxminan 169 nafar kishi giyohvand moddalarni saqlash va tarqatishda ayblanayotgan bo‘lsa, 90 kishi pichoq va boshqa sovuq qurollar, shu jumladan elektroshokerlarni noqonuniy olib yurganligi sababli qo‘lga olingan. 

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga 45 marta hujum uyushtirilgan. Bundan tashqari, 15 kishiga pichoq sanchilgan, ulardan ikki kishiga yetkazilgan jarohat hayot uchun xavfli, deb topilgan. 
Karnavaldagi tartib taxminan 7 ming politsiyachi tomonidan nazoratga olingan bo‘lgan. 

Manbada keltirilishicha, yil sayin karnavaldagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib bormoqda. Shu munosabat bilan uni Gayd-parkka ko‘chirish va kirishni pulli qilish g‘oyalari paydo bo‘lganligi aytilgan. 
 

Top