16:24 / 02.09.2016
27633

Zulhijjaning birinchi o‘n kunligi fazilati

Alloh taolo Fajr surasining ilk oyatlarini “Tongga qasam! Va O‘n kechaga qasam!” – deya ulug‘vorlikka dalolat qiluvchi mavhum (nakra) siyg‘a bilan nihoyatda qadri baland bo‘lgan o‘n kechaga qasamyod qilish bilan boshlagan. Mazkur o‘n kechaning qaysi kechalar ekanligi haqida mufassirlar ikki xil fikr bildirganlar. Birinchisi, ramazon oyining oxirgi o‘n kechasi bo‘lsa, ikkinchi qavlga ko‘ra, bu kechalardan murod zulhijja oyining avvalgi o‘n kechasidir. Bu o‘rinda kecha deyilar ekan faqat tunlar emas, balki, kunduz kunlar ham tushuniladi.

Bu kunlarda ulug‘ ibodatlar amalga oshiriladi. Haj ibodatining o‘zagi bo‘lgan Arafada vuquf qilish ham aynan mana shu kunlarning ichidadirki, u kunda Alloh taolo bandalari uchun shaytonni g‘amga botiradigan darajada behisob rahmat va mag‘firatlarini in'om qiladi. Shayton alayhilla'na Arafa kunida ko‘rayotgan narsalaridan, xususan maloikalar va Allohning rahmatlari mo‘minlar ustiga yog‘ilishidan qattiq g‘amga botadi. U hech qaysi kunda u kundagidek haqir va mag‘lub bo‘lib ko‘rinmaydi.

Mazkur o‘n kun mobaynida haj va umra amallari ado etiladi. Shu boisdan ham, bu kunlar alohida qasam bilan tilga olinishga loyiq bo‘lgan. Bir qator hadisi shariflarda zulhijjaning o‘n kuni fazilati bayon qilingan. Jumladan Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: Solih amal ushbu o‘n kun, ya'ni zulhijjaning avvalgi o‘n kunidagidan ham ko‘ra Allohga mahbubroq bo‘lgan biron-bir kun yo‘q (Imom Buxoriy rivoyati, 969-hadis).

Ushbu hadisi sharif o‘z mazmuniga ko‘ra zulhijja oyining avvalgi o‘n kunligida solih amallar va nafl ibodatlar qilish nihoyatda fazilatli ekanligiga dalolat qiladi. Nafl ro‘za ham albatta solih amallar sirasiga kiradi, balki, u solih amallarning muqaddimasida turadi. Shu bois ham ulamolar mazkur kunlarda boshqa nafl ibodatlar bilan bir qatorda ro‘za tutishni ham mustahab amallardan hisoblaganlar.

Hunayda ibn Xolid o‘z ayolidan, uning ayoli esa payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalaridan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zulhijja oyining avvalgi to‘qqiz kunida, Oshuro kunida va har oydan uch kunda – oyning avvalgi dushanbasi bilan ikki payshanbasida – ro‘za tutardilar” (Imom Ahmad, 21829-hadis va Abu Dovud rivoyatlari, 2437-hadis).

Garchi birinchi hadisning zohiridan zulhijja oyining o‘n kunida ro‘za tutishlik tushunilsa ham, aslida to‘qqiz kun ro‘za tutiladi. Chunki, o‘ninchi kuni hayit bo‘lib, ro‘za tutishlik harom bo‘ladi. Bunga ikkinchi hadisning mazmuni hamda Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadis ham dalolat qiladi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni (ya'ni Iydul-Fitr) va Nahr kuni (ya'ni Qurbonlik qilinadigan kun – Iydul-Azho kuni) ro‘za tutishdan qaytardilar» (Imom Buxoriy rivoyati, 1992-hadis; Imom Muslim rivoyati, 827-hadis).

Shu bois, ulamolar bayram kuni ro‘za tutishning joiz emasligiga ittifoq qilganlar. «O‘n kun» deb tilga olinishining sababi esa odatda katta narsani tilga olish bilan nisbatan kichikroq narsani ham nazarda tutish yoki yaxlitlab aytish qoidasiga binoandir. Bu o‘n kunlarning asosi, mehvari, borib taqaladigan joyi va xotimasi Iyd kuni bo‘lganligidan u kunlar Iyd kuni bilan qo‘shib zikr qilingan.

Demak, hajda bo‘lmaganlarga zulhijjaning avvalgi to‘qqiz kunida ro‘za tutish mustahab. Hanafiy mazhabiga ko‘ra arafa kuni ro‘za tutish haj qilayotgan insonga qiyinchilik tug‘dirmasa, mustahab. Bordiyu, u kundagi ro‘za uni mashaqqatga soladigan bo‘lsa, arafa kunida ro‘za tutish uning haqida makruh bo‘ladi.

Mazkur o‘n kundan hisoblanuvchi Arafa kunining ro‘zasi esa alohida fazilatga ega. Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar: “Arafa kunining ro‘zasi o‘zidan avvalgi bir yil va o‘zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”(Imom Muslim va boshqalar rivoyati).

Demak, zulhijjaning ilk o‘n kunligida umuman nafl ro‘za, qo‘shimcha ibodatlar, Allohning zikri, Qur'on tilovati, xayru saxovat kabi ezguliklarni ko‘p va xo‘p bajarish mustahab bo‘lsa, Arafa kunida bu amallar yanada kuchliroq fazilat kasb etadi.

Ulamolar “fazilatda qay biri kuchli: zulhijjaning avvalgi o‘n kunimi yoki Ramazonning oxirgi o‘n kunligimi?”, degan savolga: “zulhijjaning o‘n kuni kunduz kun e'tibori bilan afzal, ramazonning oxirgi o‘n kunligi esa kechalar e'tibori bilan afzal, zero unda qadr tuni bor”, deya javob berganlar.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Shayx Zayniddin” jome' masjidi imom-xatibi

Top