02:36 / 03.09.2016
15959

Atambayev O‘zbekistonga ta'ziya bildirdi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha Nig‘matulla Yo‘ldoshevga O‘zbekiston rahbari Islom Karimovning vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirgan.

"Mustaqil O‘zbekistonning doimiy yetakchisi, jo‘shqin siyosatchi, atoqli davlat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafoti haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik", — deyilgan Qirg‘iziston rahbari saytidagi ta'ziyanomada.

Atambayev Sobiq Ittifoq davridan buyon Islom Karimov o‘zini mohir boshqaruvchi va omilkor tashkilotchi sifatida namoyon etgani, O‘zbekiston mustaqilligining ilk davrida "mamlakatning xalqaro maydondagi o‘rni mustahkamlanishida muhim vazifalarni bajargani, mamlakat ijtimoiy--iqtisodiy rivojlanishda muvaffaqiyatlarga erishganini" qayd etib o‘tgan.

"Islom Abdug‘aniyevichning qirg‘iz-o‘zbek hamkorligi o‘rnatilishi va rivojlanishida qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Uning ikki tomonlama va mintaqaviy masalalarni hal etish bo‘yicha tinimsiz olib borgan sa'y-harakatlari tufayli bu yo‘nalishda ijobiy siljishlar kuzatildi. Bugungi kunda yuzaga kelgan eng jiddiy va qiyin masalalar hal etildi", — degan Atambayev.

Qirg‘iziston rahbari "Islom Abdug‘aniyevich tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan Qirg‘iziston va O‘zbekiston do‘stlik munosabatlari saqlanib qolishi hamda rivojlanishiga" ishonch bildirgan.

Atambayev shuningdek O‘zbekiston rahbari rafiqasi Tatyana Karimovaga, uning farzandlari hamda yaqinlariga hamdardlik bildirib, 23 iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan ShHT sammiti vaqtidagi uchrashuvdan iliq xotiralar qolganini qayd etib o‘tgan.

Mavzuga oid
Top