18:34 / 05.09.2016
29241

Xitoyda bo‘lib o‘tgan G20 sammitining birinchi kunida yuz bergan yodda qolarli voqealar

2016 yil 4-5 sentabr kunlari Xitoyning Hangjou shahrida “katta yigirma” deb ataluvchi davlatlar guruhining sammiti bo‘lib o‘tdi. Ayni chog‘da, unda muhokama etilgan mavzular keng muhokama etilmoqda. Biz esa, sammitning birinchi kuniga oid  yodda qolarli voqealarga to‘xtalmoqchimiz. 

Uning tantanali ochilish marosimi ajoyib suvli-olovli tomosha bilan boshlandi. Ko‘plab maxsus effektlar yorqin alangalar bilan birga ertakmonand muhitni shakllantirdi. 

Barcha ishtirokchilarning umumiy suratga tushishi vaqtida jahon yetakchilarining vaqti tig‘iz ekanini yaqqol sezish mumkin. Ular imkon topdi, deguncha turli dolzarb masalalarni muhokama etishga harakat qilishdi. 

Suratga tushish vaqtida markaziy joyni mezbon, XXR raisi Si Tszinpin egallab, uning chap va o‘ng tomonida bittadan keyingi joylarni AQSh hamda Rossiya yetakchilari egallashdi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin fransiyalik hamkasbi Fransua Olland yonida turgan vaqtda uning yoniga Turkiya davlat rahbari Erdo‘g‘an kelib, Putin bilan ko‘rishib, uning yonginasida turishga qaror qildi. 

So‘ngra, delegatsiyalar rahbarlariga AQSh yetakchisi Barak Obama ham qo‘shildi. U, bir necha davlat rahbarlari, xususan Germaniya kansleri Angela Merkel bilan so‘rashib, uning yonida joy egalladi. 

Jahon OAV tomonidan sammit chog‘ida yuz bergan va keng muhokama qilingan voqealardan biri, AQSh prezidentining kutib olinishi bo‘ldi. Xanchjou aeroportida AQSh prezidenti kelgan samolyotning asosiy eshigiga qizil gilam to‘shalgan trapni keltirishmadi. Shu bois u, samolyotning orqa qismidagi zaxira trapidan tushishga majbur bo‘ldi. 

Umum qabul qilingan amaliyotga muvofiq, Obama bilan birga kelgan reporterlarning barchasi prezident samolyoti qanotlari ostiga to‘plandi. Jurnalistlar uning tushishini xavfsizlik xizmatlari tomonidan belgilangan ko‘k tasma ortidan kuzatib turishdi. Shundan so‘ng, Xitoy xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri jurnalistlardan yo‘qolishni talab qildi, deb yozadi Rosbalt.

Obama delegatsiyasi vakilasi qo‘riqchiga bu AQSh prezidentiga tegishli Amerika samolyoti ekanini xotirlatishi bilan, u «Bu bizning mamlakat! Bu bizning aeroport!», deya o‘shqirib bergan.

Bunga javoban, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik maslahatchisi Syuzan Rays va prezident yordamchisi Ben Rods uchish maydoni bo‘ylab Obamaga yaqinlashmoqchi bo‘lib, ko‘k tasmani ko‘tarishganida, XXR xavfsizlik xizmati xodimlari ularning yo‘lini to‘sishgan. 

«Bunday bo‘lishini biz xayolimizga ham keltirmagandik», — deya voqeani izohlagan Rays. 

Obamaning o‘zi sammit ancha samarali boshlanayotganini ta'kidlab, aeroportdagi hodisalarga unchalik ham jiddiy e'tibor bermaslikka chaqirdi. Har doim, geosiyosatda raqobatlashadigan XXR va AQSh vakillari kun davomida bir necha marotaba dahanaki jang ham qilishdi. 

Keyinchalik, ijtimoiy tarmoqlarda ochilish marosimida pinakka ketgan Barak Obama videosi paydo bo‘ldi. Ha, Amerika yetakchisi Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan G20 sammiti ochilish marosimida uxlab qoldi. Videolavhada, siyosatchi birmuncha vaqt boshini ikki barmog‘iga tayagan holda ko‘zlarini yumib o‘tiradi. Biroq, yana bir taxminlarga ko‘ra, u shunchaki o‘yga cho‘mgani ham ehtimol. 

Angela Merkelning Xitoyga kelishi ham keskin ruhda bo‘lib o‘tdi. Nemis kansleri xafa ko‘ringan holda jurnalistlar oldidan shaxdam qadamlar bilan jahon yetakchilarining G20 sammitidagi ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tgan zalni tark etdi. 

Uning kayfiyati aks etgan videolavhani jurnalist Dmitriy Smirnov Twitter sahifasiga joylashtirgan. Balki, XXR raisi bilan uchrashuvi vaqtida yuz bergan ko‘z ilg‘amas voqelik Merkel xonimning asabiga tekkandir. U, ko‘rishgandan so‘ng, bayroqlar yonida qolishni yoki u yerni tark etishni ham bilmay, bir lahza to‘xtab qolgandi. 

G20 sammitining yana bir yorqin holati Argentina prezidentining rafiqasi paydo bo‘lishidir

Ayrim blogerlar esa, davlat rahbarlari, ularning nutqlari va hatto ularning libosiga umuman e'tibor berishmayapti. Ular, davlat va hukumat yetakchilarini qanday taomlar bilan mehmon qilishayotganiga diqqat chekishgan. Jurnalistlar, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga turli xil desert va taomlar suratlarini joylashtirishdi. Axir bu ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi aniq. 

Sammitning bugungi va so‘nggi ish kunida, savdo va investitsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, infratuzilmalar sohalaridagi hamkorlik masalalari va boshqa mavzular muhokama etildi. 

G20 mamlakatlari innovatsion o‘sish bo‘yicha dasturni shakllantirishdi. Bundan tashqari, sammit kun tartibiga oid bo‘lmagan boshqa muammolar, xususan, dunyoning qator mintaqalaridagi beqarorlik, xalqaro terrorizm, iqlim o‘zgarishi kabilar yuzasidan fikr almashildi. 

Mavzuga oid
Top