10:15 / 08.09.2016
9838

Isroil Golan tepaliklaridagi Suriya armiyasi pozitsiyalariga hujum qildi

Isroil Harbiy-havo kuchlari Golan tepaliklaridagi Suriya armiyasi harbiylariga yana bir marta hujum qildi. Qurbonlar va jabrlanuvchilar haqida ma'lumot yo‘q. Bu haqda Reyter agentligi Isroil armiyasi vakiliga asoslangan holda xabar tarqatgan.

Armiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, "Isroil samolyotlari Golan tepaliklarining shimoliy qismida suriyalik harbiylarga minomyotdan zarba yo‘llagan".

Bundan oldinroq, yakshanba kuni isroillik harbiylar Golan tepaligining Isroil tomonidagi qismiga artilleriya zarbalari kelib tushgach, hujum manbasini nishonga olgandi. Isroil harbiylari bu harakatlarni mamlakat suverenitetini himoya qilish sifatida atagan va bu harakatlar davom etishini bildirgan.

Bundan oldingi zarbalar almashinuvi 22 avgust kuni ro‘y bergandi. O‘shanda Isroil tomoni Suriyadagi guruhlarning o‘zaro janglari vaqtida snaryadlardan biri tasodifan o‘z hududiga tushgani uchun qarshi zarba bergandi. Isroil harbiylari ma'lumotlariga ko‘ra, chegaraning 80-kilometrida "Jabhat an-Nusra" va IShID jangarilari bo‘linmalari joylashgan.

Golan tepaliklari — Isroil va Suriya o‘rtasidagi bahsli hudud bo‘lib, u 1967 yildagi Olti kunlik urush mobaynida rasmiy Tel-Aviv tomonidan egallangandi. Unga qadar, 1944 yildan boshlab bu yerlar SARning al-Qunaytra viloyatiga kirar edi.

Isroil ham, Suriya ham Golan tepaliklarini o‘z hududining bir qismi deb biladi.

Top