21:10 / 09.09.2016
7907

Amerikalik kongressmen yig‘ilishga Zika virusini tashuvchi chivinlarni olib keldi

AQShning Florida shtatidan respublikachi kongressmen Devid Jolli AQSh Kongressi vakillar palatasi yig‘ilishiga Zika virusini tashuvchi chivinlar solingan bankani olib keldi. Siyosatchining bunday qilishiga demokratlar tomonidan Zika virusiga qarshi kurashishga milliard dollardan ko‘proq mablag‘ ajratilishi qonun loyihasining to‘silishi sabab bo‘lgan.

Jolli bu harakatlari bilan kasallik bilan kurash uchun qo‘shimcha mablag‘ning ajratilishiga erishmoqchi bo‘lgan. Uning aytishicha, hasharotlarning yig‘ilishda paydo bo‘lishi qonun chiqaruvchilar orasida qo‘rquv va sarosima keltirib chiqarishi kerak edi. 

"Men bu yerga Zika virusini tarqatishi mumkin bo‘lgan Floridadagi yuzlab chivinlar bilan keldim. Bu harakatlarni ortga surib bo‘lmasligi va Florida aholisi qo‘rquviga sabab bo‘layotgan holatdir", deb aytdi kongressmen.

Biroq Jolli yig‘ilishga Janubiy Florida universitetidan olib turgan "ko‘rgazmali namuna" bilan kelganini va bankada faqatgina chivin g‘umbagi borligini aytib hamkasblarini tinchlantirgan. Kongressmenning yig‘ilishdagi chiqishi videosi AQSh yangiliklar kanallarida efirga uzatildi.

Ayni vaqtda Floridada Zika virusi bilan kasallanishning 56 ta holati qayd etilgan, tibbiyot xodimlari va mutaxassislarning aytishlaricha, bu kasallik bilan samarali kurashish uchun mablag‘lar yetishmayapti. Kongressmenlar ushbu kasallikka qarshi kurashishni moliyalashtirish masalasi bo‘yicha hali yakuniy qarorga kelishmagan. 

 

Top