09:52 / 09.09.2016
10832

Paralimpiya o‘yinlari. Suzuvchilar O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga 4ta medal keltirdi

Rio-de-Janeyro paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari birinchi kungi bahslarni o‘ta muvaffaqiyatli boshlashdi. Dyuzdochilardan keyin bahslarda ishtirok etgan suzuvchilar ham delegatsiya hisobini medallar bilan boyitishdi.

Batterflyay uslubidagi (S13) 100 metrga suzish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi musobaqada 2 nafar o‘zbekistonlik sportchi shohsupaga ko‘tariladigan bo‘ldi. Kirill Pankov va Muzaffar Tursunxo‘jayev saralash bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgandi. Finalda Pankov marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi, Tursunxo‘jayev uchinchi o‘rinni egallab bronza medali bilan kifoyalandi.

Ayollar o‘rtasidagi batterflyay uslubida (S13) 100 metrga suzish musobaqasi ham O‘zbekiston vakillari uchun omadli kechdi. O‘zbekistonlik 3 nafar sportchi saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, finalda ishtirok etish uchun yo‘llanma olgandi. Dastlabki 50 metr masofada Muslima Odilova 1-o‘rinda borayotgandi, biroq marraga amerikalik suzuvchi birinchi bo‘lib yetib keldi. Odilova kumush medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Fotimaxon Omilova bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shohsanamxon Toshpo‘latova 4-o‘rinni egalladi.

Mavzuga oid
Top