03:54 / 10.09.2016
18924

Braziliyalik futbol fanati 13 o‘g‘liga taniqli futbolchilar ismlarini berdi

Braziliyalik futbol ishqibozi o‘zining 13 nafar o‘g‘lini taniqli futbolchilarning ismlari bilan nomlagan. Bu haqida dailymail.co.uk ma'lum qildi

40 yoshli Iriney Kruz va uning turmush o‘rtog‘i Jusileyda Silva bemalol o‘z o‘g‘illaridan futbol jamoasini tuzishlari mumkin. 1 oylikdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning barchasi Braziliya va butun dunyoga dong‘i ketgan futbolchilarning ismi bilan atalgan. 

Juftlik qiz farzand tug‘ilishini juda istaydi, ammo hozirga qadar oila faqat o‘g‘illar hisobiga kengaymoqda. Konseysan-du-Koyte qishlog‘ida yashovchi er-xotin 13-farzandining qiz bo‘lishini juda xohlashgan edi, biroq oilada yana bir o‘g‘il dunyoga keldi. Uni braziliyalik afsonaviy futbolchi "So‘yloq" sharafiga Ronaldo deb nomlashdi. 

Kichik Ronaldo 18 yoshli Robson, 17 yoshli Reynan, 15 yoshli Rayan, 14 yoshli Rubens, 13 yoshli Rivaldo, 12 yoshli Ruanu, 10 yoshli Ramon, 9 yoshli Rinkon, 7 yoshli Rikelme, 5 yoshli Ramires, 3 yoshli Rai va 2 yoshli Rafaellardan iborat katta "jamoa"ga qo‘shildi. 

Juftlik to‘ydan oldin o‘zaro kelishib olgan: agar oilada o‘g‘il tug‘ilsa, ularga otasi ism qo‘yadi, qiz dunyoga kelsa - onasi. 

Irineyning dunyodagi eng yaxshi futbolchilarning ismi "R" harfidan boshlanishiga ishonchi komil, shu bois uning barcha o‘g‘illariga qo‘yilgan ismlar shu harfdan boshlangan. U loaqal  bir farzandining mashhur futbolchi bo‘lib yetishishini orzu qiladi. "Ularning barchasi yaxshi futbolchilar, ayniqsa, Robson va Rayan - ular bizning yulduzli hujumchilarimiz", - deydi g‘urur bilan Iriney. U dam olish kunlari o‘g‘illari va qishloqning futbol jamoasi o‘rtasidagi o‘yinga hakamlik qiladi. 

Oila bekasining so‘zlariga ko‘ra, ularning birgina tushlik qilishi uchun odatda bir kilogramm guruch, bir kilogramm dukkaklilar va juda katta qadoqli makaron mahsulotlari ketadi. 

Top