02:31 / 10.09.2016
5539

Milliy teatrning 102- ijodiy mavsumi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirish bilan boshlandi

O‘zbek Milliy akademik drama teatrining yangi 102-ijodiy mavsumi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirga ijodiy va jamoat tashkilotlarining vakillari, teatr fidoyilari, ma'naviyat targ‘ibotchilari, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, san'at muxlislari taklif etildi. Bu haqida O‘zA ma'lum qildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirish bilan boshlandi.

Milliy akademik drama teatri rahbari F.Ma'sudov va boshqalar istiqlol yillarida mamlakatimizda yangi hayot, yangi jamiyat asoslarini barpo etish jarayonida yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish, milliy madaniyatimiz va san'atimizni tobora ravnaq toptirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta'kidlashdi. 

Teatr jamoasi ilk bor 1945-1948 yillarda Uyg‘un va Izzat Sulton asari asosida «Alisher Navoiy» spektaklini namoyish etgan. Ushbu dramaga teatr ijodiy jamoasi qayta-qayta murojaat etib, mazkur asar bir necha marta sahna yuzini ko‘rdi. Ushbu mavsum ham ana shu spektakl namoyishi bilan boshlandi. 

Spektaklda Navoiy rolini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Behzod Muhammadkarimov, Guli rolini esa Dilnoza Kubayeva ijro etdi. Shuningdek, asosiy rollarda O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov, Muhammadali Abduqunduzov, Saidkomil Umarov va boshqalarni ko‘rish mumkin.

Top