15:54 / 11.09.2016
8043

Yamanda aviazarbalar oqibatida o‘nlab tinch aholi vakillari halok bo‘ldi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya samolyotlari Yamanda  xatolik bilan raketalarni boshqa nuqtaga yo‘llashi oqibatida tinch aholi vakillaridan kamida 26 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy manbalarga asoslangan holda Reuters xabar tarqatdi.

Ma'lum qilinishicha, Yaman shimolidagi hududda suv chiqarish uchun qazish ishlarini olib borayotgan ishchilar ustiga raketa yo‘llangan va 15 kishi halok bo‘lgan.

Bu hodisadan keyin odamlar jarohatlanganlarga yordam uchun shoshilganida hujum takrorlangan va yana 11 kishi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, bu hujum natijasida 20dan ortiq kishi jarohatlangan.

Koalitsiya tomoni hozircha bu ma'lumotlarga munosabat bildirmadi.

Mahalliy manbalarda shu vaqtda shayx Maqbul al-Harmalining uyiga ham havo zarbasi berilgani va natijada 6 kishi halok bo‘lgani haqida aytilgan.

Bundan avvalroq Yaman armiyasi Saudiya Arabistoniga ballistik raketa bilan zarba bergani haqida xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top