16:43 / 12.09.2016
56168

Akmal Saidov: Bosh vazir O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtinchalikka bajarishni zimmasiga olishi - qonuniy asosga ega

8 sentabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risida qabul qilingan qarorga mutaxassislar fikr bildirishda davom etmoqda. O‘zA Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari milliy markazi direktori, yuridik fanlari doktori, professor Akmal Saidovning fikrlarini keltirgan.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev, 8 sentabr kuni o‘tkazilgan qo‘shma yig‘ilishida so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini o‘zining zimmasiga yuklamasliklarini so‘radi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko‘p yillik tajribasini, aholi o‘rtasidagi hurmat-e'tiborini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qildi. 

N.T.Yo‘ldoshev o‘z murojaatida asosan prokuratura va adliya organlarida ishlaganini,  davlat hokimiyati va boshqaruvning boshqa idoralaridagi rahbarlik lavozimlaridagi yetarli tajribaga ega emasligi, bir yarim yillik  Senat raisligi davomida orttirgan ko‘nikmalari hozirgi sharoitda barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta'minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish uchun yetarli emasligini tan oldi.

Senat Raisi N.T.Yo‘ldoshev o‘zining bu taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan ma'qullanganini qayd etdi. 

Siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, deputatlar va senatorlar hozirgi sharoitda mamlakatning hududiy yaxlitligini, barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta'minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish zarurligini e'tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo‘ldoshevning taklifini qo‘llab-quvvatladilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatining mazkur muhim qarori mamlakatimiz konstitutsiyasi va qonunlari talablariga to‘la mos kelsa-da, ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari va internet nashrlarida go‘yoki Prezidentning vazifa va vakolatlarining  O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklatilishi qonunga xilofligi haqidagi gap-so‘zlar “bolalay” boshladi.

Shu munosabat bilan men huquqshunos sifatida o‘z mulohazalarimni bildirib o‘tsam.

Konstitutsiyamizning 96-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshevning  qo‘shma yig‘ilishida Prezidentning vazifa va vakolatlarini o‘zining zimmasiga yuklamasliklarini, bu vazifa va vakolatlarni Bosh vazir zimmasiga vaqtincha yuklashni so‘rashi quyidagi konstitutsion-huquqiy asoslarga ko‘ra qonuniydir:

Birinchidan, Konstitutsiyamizning 81-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlislari mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining har qanday muhim masalalari yuzasidan o‘tkazilishi mumkin. Mazkur masalaning parlament palatalari qo‘shma majlisida ko‘rib chiqilishi mustahkam qonuniy asosga egadir.

Ikkinchidan, mamlakatimiz hayotiga oid masalalar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qaror qabul qilish vakolati Konstitutsiyamizning 82-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to‘g‘risidagi”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati” to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunlarining 11-moddalariga asosan mustahkamlab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, palatalarning qo‘shma majlisida muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘shma qarorlar qaror qabul qilinadi. Shuningdek, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 6 moddasiga muvofiq, Oliy Majlisning har ikki palatasi tomonidan qabul qilingan qarorlar qonuniy kuchga ega hisoblanadi.

Uchinchidan, murakkab vaziyatlarda, jumladan Senat raisi Prezidentning vazifa va vakolatlarini qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda, parlament unga mazkur vazifa va vakolatlarni majburan yuklash huquqiga ega emas. Bu borada qaror qabul qilingan taqdirda ham, u O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Qonunlarida kafolatlangan,  har bir shaxsning o‘z irodasini erkin namoyon etish va  maqbul faoliyatni tanlash borasidagi huquqlariga zid bo‘lardi. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Qonunlarida Oliy Majlis Senati Raisininig tegishli vazifa va vakolatlardan voz kechishi mumkin emasligi ko‘rsatilmagan.

To‘rtinchidan, Konstitutsiya va qonunlarda Oliy Majlis Senati ushbu vazifa va vakolatlarni qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda, ularni kimga yuklash lozimligi nazarda tutilmagan.

Beshinchidan, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining  deputati va Senati a'zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, har bir deputat yoki senat a'zosi, shu jumladan Senat raisi ham, Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar bo‘yicha taklif bildirishga, o‘z takliflarini asoslab berish uchun so‘zga chiqishga haqli.

Prezidentning vazifa va vakolatlarini Bosh vazirga vaqtincha  yuklash to‘g‘risidagi qo‘shma majlis qarorining Oliy Majlis palatalari reglamentlari haqidagi qonunlar talablariga to‘la  mosligi deputatlar va senatorlar, barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan muhokama qilingan va qo‘llab-quvvatlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Konstitutsiyamizning 76-moddasiga binoan, oliy davlat vakillik organi sifatida, yuzaga kelgan mazkur vaziyatda, mamlakatimiz hayoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan bu  qarorni qabul qilishi shart edi va shunday bo‘ldi ham.

Shu tariqa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma qarori mamlakatimiz konstitutsiyasi va qonuniy  me'yorlariga, eng muhimi, Vatanimizning milliy manfaatlariga to‘la mos keladi, deyishimiz uchun barcha huquqiy asoslar yetarli.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2 sentabr kuni 78 yoshda insult oqibatida vafot etdi. Marhum o‘z ona shahri Samarqandda, Shohi Zinda majmuasidagi Hazrati Xizr qabristonida dafn etildi.

8 sentabr kuni mamlakat bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisning qo‘shma majlisi qaroriga binoan prezident vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan edi. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga binoan, mamlakat prezidenti o‘z vazifasini o‘tay olmagan hollarda, uning vazifasini vaqtincha bajarish Senat raisi zimmasiga yuklatilishi kerak. Prezident vazifasini o‘tashi kerak bo‘lgan Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning o‘zi ushbu vakolatlardan voz kechib, Shavkat Mirziyoyev nomzodini taklif qildi.

Top