23:25 / 12.09.2016
12735

Dunyodagi eng ingichka minora bir oylik faoliyatidan so‘ng yopildi

2016 yilning avgustida ekspluatatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan dunyodagi eng ingichka minora hisoblanmish Angliyaning i360 minorasi tashriflar uchun yopildi. Bu yerga tashrif buyurganlar hadeb qulflanib qolaverganidan keyin inshootni vaqtinchalik yopishga qaror qilindi. VVS yangiliklar xizmati shu haqida ma'lum qildi. 

11 sentabrda Braytondagi yangi minoraga odamlarni qo‘yish to‘xtatildi. Shu kuni eshik sensorlaridagi nosozliklar tufayli 200 nafar kishi kapsula ichida qolishga majbur bo‘ldi. 

8 sentabrda i360 inshooti ochilishi sharofatiga uyushtirilgan yopiq tadbirda taxminan 180 kishi kapsulada ikki soatini o‘tkazgan. Oqshom ishtirokchilari orasida homilador ayol ham bo‘lgan. 

Minorani boshqaruvchi kompaniya xodimlari attraksionga sotilgan chiptalar pulini qaytarishga yoki mijozlar tashrifi uchun boshqa qulay vaqt taklif etishga va'da berishdi. Hozirda mutaxassislar minoraning texnik holatini tekshiruvdan o‘tkazishmoqda. 

i360 inshooti 162 metr uzunlik va 4 metr diametrga ega bo‘lib, u dunyodagi eng ingichka minora hisoblanadi. Obekt mashhur "London ko‘zi" charxpalagini bunyod etgan Marks Barfield Architects idorasi me'morlari tomonidan loyihalashtirilgan. 138 metr balandlikka ko‘tariluvchi i360 platformasiga chipta narxi - 5 funt sterling (taxminan 7 dollar). 

Mavzuga oid
Top