18:04 / 12.09.2016
12354

OAV Klinton saylovdan nomzodini qaytarib olsa, uning o‘rnini kim egallashini taxmin qildi

AQSh prezidentligi uchun saylovda Demokratik partiyadan nomzod Hillari Klinton prezidentlik poygasidan chiqishga qaror qilsa, uning o‘rniga zudlik bilan boshqa nomzod topishga to‘g‘ri keladi. Buyuk Britaniyadagi The Telegraph nashri bu boradagi taxminlarini bildirib o‘tgan.

Hozirda ehtimoliy o‘rinbosarlar sifatida AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden hamda Klinton xonimga praymerizlar vaqtida mag‘lub bo‘lgan demokrat, Vermont shtati senatori Berni Sanders nomlari tilga olinmoqda.

Agar Hillari Klinton o‘z ixtiyori bilan poygadan chiqsa, bu masala bo‘yicha qaror qabul qilish uchun demokratlarning shoshilinch majlisi chaqirilishiga to‘g‘ri keladi.

Lekin hozircha Klinton kurashdan chiqishi ehtimoli haqida ishora bermagan.

11 sentabr kuni Nyu-Yorkda 2001 yilgi terakt qurbonlari xotirasiga o‘tkazilgan xotira marosimi vaqtida Klinton xonim o‘zini juda yomon his qila boshladi. Shundan so‘ng, u marosimni barvaqt tark etdi. U avtomobilgacha mustaqil yetib bora olmadi. Nomzodning yiqilayozgani va oyog‘idagi tuflisi tushib qolgani tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Avvaliga uning shtabidagilar buni issiq urishi bilan izohlashgandi.

Ko‘p o‘tmay, shaxsiy shifokor Hillari Klintonga o‘pka yallig‘lanishi tashxisini qo‘ydi.

Klinton xonimga antibiotiklar qabul qilish hamda ish grafigiga o‘zgartirishlar kiritib, dam olish tavsiya qilindi. 

Shundan so‘ng, u saylovoldi kampaniyasi jadvaliga o‘zgarish kiritib, Kaliforniya va Nevadaga saylovoldi safarini bekor qildi.

Top