13:45 / 12.09.2016
17758

Toshkentdagi «Hazrati imom» masjidida Qurbon hayiti namozi o‘qildi 

Toshkentning ko‘hna eski shahar qismida joylashgan «Hazrati imom» (Hastimom) masjidida Qurbon hayiti namozi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov boshchiligida ado etildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

"Bu muborak kunlarda mehr-muruvvat, o‘zaro yordam, saxovat kabi ezgu amallarni ko‘proq amalga oshirish hamda qurbonlik qilish, uning tartib va odoblari haqida muftiy hazratlari so‘zlab berdilar.

Hayit namozi ado etilgach, muftiy hazratlari: “Alloh Qurbon hayiti namozining savobidan hammamizni bahramand aylab, bu ulug‘ bayram barakotidan barcha mo‘min-musulmonlarning gunohlarini mag‘firat etib, hidoyatga boshlasin, darajalarini yuqoriga ko‘tarib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin. Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini bardavom qilsin”, deb duo qildilar. 

Nuroniy otaxonlar ham bir-birlarini bayram bilan qutlar ekanlar, bu dorulomon kunlarga yetkazganiga shukr qilishdi, yurtimiz tinch va bundan-da farovon bo‘lishini tilashdi. Ozod va obod Vatanimiz ravnaqini, farzandlar kamolini Yaratgandan so‘rab duolar qildilar", deyilgan xabarda.

Shuningdek, Qurbon hayiti namozi O‘zbekistonning barcha masjidlarida ado etilgan.

Toshkent shahridagi barcha masjidlarda Hayit namozi 12 sentabr kuni tonggi soat 06:15 da o‘qildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda esa Hayit namozi taqvimdagi vaqt tafovutlari asosida o‘qildi.

Top