16:20 / 13.09.2016
7662

Pepe: «Xavi Ronaldu borasida yanglishmoqda. U eng zo‘ri»

«Real» himoyachisi Pepe jamoadoshi Krishtianu Ronaldu o‘zini  «Barselona» hujumchisi Lionel Messi bilan taqqoslashganida xotirjam qolishini qayd etib o‘tdi.

«Men uchun eng yaxshi futbolchi Krishtianu, axir uni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilaman. Uning to‘purarlik qobiliyati tan olingan. Men u bilan har kuni birgaman, har kuni uning nechog‘liq ishtiyoqliligini ko‘raman. U o‘ziga Messi haqida gapirishganida asabiylashmaydi. Xavi esa u haqidagi fikrlarida xato gapirdi, u aytganidek emas. Ronalduni faqatgina «Real»ning muxlislari dunyoda eng yaxshi futbolchi deb bilishmaydi», degan Pepe Cadena Ser uchun bergan intervyusida.

Ayni vaqtda Ispaniyada bu borada ikkita qarama-qarshi fikr yuzaga kelgan. Bir tomon Ronalduni, ikkinchi tomon esa Xavi Ernandesni yoqlamoqda.

Avvaliga Xavi Messiga ishora qilib, Ronaldu dunyoning eng kuchli futbolchisi bilan bir vaqtda tug‘ilib qolgani uning omadi kelmaganidan darak ekani haqida aytib o‘tgandi.

Ronaldu esa keyinroq o‘zi 3 marta «Oltin to‘p» olgani, Xavi esa bu vaqtda Qatar jamoasida («Al-Sadd» - tahr.) o‘ynayotgani haqida aytib javob qaytargandi.

Manba: Tribuna.uz

Top