09:58 / 13.09.2016
11724

Pepe: «Real» muxlisi bo‘lmagan kishilar bizni Mourino tufayli yomon ko‘rib qolishgan

Madridning «Real» jamoasi himoyachisi Pepe jamoa futbolchilari Joze Mourino bosh murabbiy bo‘lgan vaqtda ruhiy tomondan juda qiyin davrni boshdan kechirgani haqida so‘zlab berdi. Pepe portugaliyalik murabbiy o‘z harakatlari orqali odamlarda «Real»ga antipatiya (xush ko‘rmaslik - tahr) uyg‘otganini qayd etib o‘tgan.

«Real» muxlisi bo‘lmagan kishilar bizdan Mourino tufayli nafratlanishadi. Yaxshi hamki u bizda faqat 3 yil ishladi. Karlo Anchelotti kelgach esa barchasi o‘zgargandi. Men o‘shanda raqib jamoa futbolchilarining ham bizga munosabatlari o‘zgarganini sezgandim», - deya Pepening so‘zlarini keltirgan Cadena Ser.

U Mourinoni «qaymoqranglilar»ning hozirgi bosh murabbiyi Zaynidin Zidan bilan taqqoslash bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tgan.

«Ular ikki olam. Ulardan birini yaxshi deb, boshqasini yomonroq deyish o‘rnisiz. Mourinoda kuchli jamoalar va yulduzlar bilan ishlashda katta tajriba bor edi. Zidan Primeradagi faoliyatni boshlaganiga yarim yildan ko‘proq vaqt bo‘ldi, lekin u Ispaniya chempionatida futbolchi sifatida o‘ynagan va ko‘p narsani to‘g‘ri tushunadi», degan u.

Ayni vaqtda «Manchester Yunayted» boshqaruvida bo‘lgan Mourino «Real»da 2010 yildan 2013 yilgacha ishlagan, Ispaniya Kubogi (2010/11 yilgi mavsum), mamlakat chempionati (2011/12 yilgi mavsum) va Ispaniya Superkubogi (2012 yil) sovrinlarini qo‘lga kiritgan.

Manba: Tribuna.uz

Top