14:32 / 15.09.2016
38182

Akayev Qirg‘izistondagi "lola inqilobi" sabablariga oydinlik kiritdi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Akayev RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida ma'lum qilishicha, uning Manas aviabazasida AQShning AWACS ayg‘oqchi samolyotlarini joylashtirishga ruxsat bermagani 2005 yili mamlakatda uyushtirilgan "lola inqilobi" sabablaridan biri bo‘lgan. Buning natijasida Akayev hokimiyatdan chetlashtirilgan edi. 

"2004 yili AQSh Davlat departamenti "Manas" aeroportiga "Avaks"larni joylashtirish uchun ruxsat so‘rab, murojaat qildi. Davlat kotibining maxsus yordamchisi keldi. "Avaks" — bu radiolokatsion stansiyaga ega "Boing" samolyotidir. U, Qirg‘iziston osmoniga ko‘tarilsa, 3 ming kilometr radiusdagi masofani, ya'ni Rossiya va Xitoyning yarmini nazorat qilishi mumkin edi", — deya xotirlagan Akayev.

Akayev bazani dastlab tashkil etishdagi maqsadlar va qo‘shni mamlakatlar manfaatlariga zid bo‘lgani uchun rad javobini bergan. 

Shundan so‘ng, amerikaliklar Qirg‘iziston prezidentini ag‘darishga qaror qilgan, deb hisoblaydi Akayev. 

"Chunki ularning qoidasi shunaqa, kimdir AQShning so‘ziga kirmadimi, foydalanib, tashlab yuborish qoidasiga amal qilishadi. Ularning "lola inqilobi"ni uyushtirishining sabablaridan biri mana shu", — deydi sobiq prezident. 

"”Lola inqilobi” – aslida inqilob emas, davlat to‘ntarishidir. Fikrimni ko‘plab ekspertlar, jumladan BMT ekspertlar guruhi xulosasi tasdiqlaydi. Ushbu davlat to‘ntarishi AQShning bevosita ishtiroki, rahbarligi, moliyaviy va axborot ko‘magida uyushtirilgan. Ular buni yashirib o‘tirishmadi. Bu masala bilan AQSh elchisi Stiven Yang ochiqcha shug‘ullangan", — deya qo‘shimcha qilgan Asqar Akayev.

Mavzuga oid
Top