11:27 / 15.09.2016
5369

Dunyodagi 3,7 million muhojir bola o‘qish imkoniyatidan mahrum

Dunyodagi 6 million muhojirdan 3,7 million nafar bola o‘qish imkoniga ega emas. BMTning muhojirlar masalalari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi (MOKB) payshanba kuni Jyenevada chop etilgan hisobotida shu haqida ma'lum qildi.

"1,75 million qochqin bola boshlang‘ich maktabga qatnamaydi, 1,95 million nafari esa - o‘rta maktabga", - deyiladi tadqiqotda. BMTning qochqinlar masalasi bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi bunday vaziyatni "inqiroz", deya baholadi. U qochishga majbur bo‘lgan 10 millionlab muhojirlar uchun ta'lim olish katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi, zero bu - "ularning taqdirini o‘zgartirishga qodir sanoqli imkoniyatlardan biri".

Hisobotga ko‘ra, muhojir bolalarining yarmigina boshlang‘ich maktabga boradi. Qochqinlar oilasidagi bolalar ulg‘aygani sari, ularning o‘qishni davom ettirish imkoniyatlari kamaymoqda: muhojir-o‘smirlarning 22 foizigina o‘rta maktabga qatnaydi va faqat 1 foizigina oliy ta'lim muassasalariga kiradi. 

Suriyada 2,1 million bolalar va o‘smirlar maktabga borishmaydi. 5 yillik harbiy nizo davomida mamlakatdagi boshlang‘ich va o‘rta ta'lim qamrovi 94 foizdan 60 foizga tushib ketdi. MOKB ma'lumotiga ko‘ra, Suriyani 4,8 million kishi tark etgan va ulardan 900 ming nafari - hozirda ta'lim olish imkoniga ega bo‘lmagan maktab yoshidagi bolalar.

MOKB hisoboti 19-20 sentabrga mo‘ljallangan BMT Bosh Assambleyasining ommaviy migratsiya va qochqinlar muammosiga bag‘ishlangan yig‘ilishiga tayyorlangan. Oliy komissar boshqarmasi hukumatlar, donorlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektordagi hamkorlarni bolalar va o‘smirlarning bilim olishi uchun faolroq harakat qilishga chaqirdi. Boshqarma ma'lumotiga ko‘ra, 2015 yilning oxirida dunyoda 65,3 million muhojir qayd etilgan, muhojir bolalarning yarmidan ko‘pida bilim olish uchun imkoniyat yo‘q. Hozirda bu masalada asosiy e'tibor 7 davlatga qaratilmoqda - Chad, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Keniya, Livan, Pokiston va Turkiya. 

Mavzuga oid
Top