07:24 / 17.09.2016
91295

O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bo‘ylab ilk safarini amalga oshirdi

O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 16 sentabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda  amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan yaqindan tanishishdir. 

Shavkat Mirziyoyev safar davomida viloyatning Jizzax shahri, Paxtakor, Zafarobod, Do‘stlik tumanlarida bo‘ldi.

 Jizzax viloyati faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Vatanimiz ozodligi, yurt ravnaqi, tinchligini ta'minlash borasidagi faoliyati, beqiyos xizmatlari alohida qayd etildi. 

 Iqtisodiyotda olib borilayotgan islohotlarni rivojlantirish borasidagi dolzarb vazifalar, kommunikatsiya tizimlarini yanada taraqqiy ettirish, zamonaviy inshootlarni qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. 
 
Shuningdek, shu kuni Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Jizzax shahar hokimi Asror Qobilov o‘z vazifasidan ozod etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga ko‘ra Jizzax shahar hokimi vazifasiga Abduqahhor To‘xtayev tasdiqlandi.

 Shu kunning o‘zida yana bir nechta tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, ishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklari uchun Jizzax viloyati prokurori, shuningdek, qator tuman hokimlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi va ularning o‘rniga yangi nomzodlar tasdiqlandi.
 Jizzax viloyati rahbariyati zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish, barcha soha va tarmoqlar  samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan istiqbolli chora-tadbirlar belgilash vazifasi yuklatildi.

 

Mavzuga oid
Top