19:13 / 19.09.2016
42831

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatini vaqtincha yuklatilishining ilmiy-nazariy asosiga oid fikrlar

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning bevaqt vafotidan keyin mustaqil O‘zbekistonimiz Konstitutsiyasining 96-moddasi talablariga ko‘ra, Prezidentning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatilishiga oid vakolatni Senat raisi tomonidan rad etilib, ushbu vakolatni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuklatilishi maqsadga muvofiqligiga oid taklif shaklidagi amr-irodasi va buni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va Senatining 2016 yil 8 sentabrda qabul qilgan qo‘shma qarori doirasida internet va boshqa axborot tarmoqlarida ayrim deletant ekspertlar tomonidan turli xil yuzaki fikrlar bildirilib, go‘yoki bu holat huquqiy asosga ega emas degan shoshilinch xulosalar bildirilmoqda.

Bularga qarshi o‘laroq, mamlakatimizning yetakchi huquqshunos olimlari va deputatlarimiz Senat raisining o‘ziga yuklatilgan vazifani rad etishi va Prezident vazifa va vakolatini vaqtincha bajarishni Bosh vazirga yuklatilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76, 81, 82, 96-moddalari, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to‘g‘risidagi”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati” to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunlarining 11-moddalari hamda “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasi talablariga va eng asosiysi esa, milliy manfaatlarimizga muvofiqligi to‘g‘risidagi fikrlarni Ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka ma'lum qilgan bo‘lsalarda, biroq bu borada delitantlarcha munozaralar hali hanuz davom etmoqda.

Ushbu delitantlarcha munozaralarga chek qo‘yish maqsadida nazarimda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatini vaqtincha Senat raisi zimmasiga yuklatilishini Senat raisi tomonidan rad etilib, Bosh vazirga yuklatilishi maqsadga muvofiqligiga oid taklif shaklidagi amr-irodasi va bu borada Parlament qo‘shma qarori qabul qilinishining huquqiy jihatdan asosliligi yuzasidan fikr bildirishda davlat va huquq nazariyasi bo‘yicha yetakchi olimlar va mutaxassislarning ilmiy fikr va takliflari bildirilishini maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Shu o‘rinda taniqli rus olimi N.M.Korkunovning bu boradagi fikrlarini keltirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatini vaqtincha bajarishga vakolatli bo‘lgan Oliy Majlis Senati raisining yuqorida qayd etilgan hatti-harakati to‘g‘ri huquqiy rakursda amalga oshirilganligini ko‘rsatadi. Jumladan, olim o‘tgan asrning oxirlaridayoq davlat boshlig‘ining odatiy farmonlari bilan favqulodda farmonlarini farqlay bilishni taklif etgan. Olimning fikriga ko‘ra, favqulodda farmonlar qonun bilan tartibga solinadigan masalalar bo‘yicha yoxud qonunni bekor qilish bo‘yicha chiqariladi. “Favqulodda farmonni chiqarish aslida zarurat taqozosi bilangina oqlanishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlikdir. Ushbu farmon bilan o‘rnatiladigan chora-tadbirlar haqiqatda faqat qonuniy hujjat bilan belgilanishi mumkin. Mazkur favqulodda sharoitlarda bu talabga rioya etishning iloji bo‘lmagan holatdagina qonun favqulodda farmonga almashtiriladi. Biroq bunday farmonlar muvaqqat xususiyatga ega bo‘lib, favqulodda farmon bilan belgilangan choralar qonun chiqaruvchi organga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilishi kerak»1

Xolbuki, birinchi Prezidentimizning bevaqt vafot etganligi va bu holatda Senat raisining Prezident vazifasini vaqtincha bajarishdan voz kechishi va ushbu vakolatni Bosh vazirga yuklatilishiga oid zarurat taqozosiga oid amr-irodasini O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi ko‘rib chiqishi uchun rasmiy ma'lum qilishi va shu asosda Parlamentning qo‘shma qarori qabul qilinishi huquqshunos olim N.M.Korkunovning ilmiy fikrlariga mos keladi.

Zotan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 81-modda, 9-xatboshisidagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Palatalarining kelishuviga binoan qo‘shma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham o‘tkazilishi mumkin”ligiga oid qoida nafaqat Parlamentning joriy yil 8 sentabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisining, balki qonundagi ayrim bo‘shliqlarni o‘ziga xos tarzda to‘ldiruvchi normalar qabul qilinishining ham huquqiy asosi ekanligini inobatga olgan holda, deputatlarimizning mavjud masalalar bo‘yicha zarurat taqozosidan keyingi faoliyatlarini yuqorida qayd etilgan ilmiy-nazariy fikrlar mantiqiy izchilligiga muvofiqligini ta'minlashi mumkinligiga e'tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.

Shuxrat RASULOV
yuridik fanlar nomzodi.

1 Korkunov N.M. Ukaz i zakon.SPb.,1894, 272-bet.

Top