20:41 / 20.09.2016
7091

Joriy yilda IUT tayyorlov kurslari tinglovchilarining 82 foizi universitetlarga o‘qishga kirdi

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) qoshidagi uzluksiz ta'lim markazida kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan va oliy o‘quv yurtlariga, jumladan IUTga, kirgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Uzluksiz ta'lim markazi menejyeri Amirulla Abdullayev o‘tgan o‘quv yili natijalarini e'lon qildi. Bu haqida IUT’ning rasmiy saytida ma'lum qilindi.

Manbaga ko‘ra, o‘tgan yili tayyorlov kurslariga 320 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan va ularning 145 nafarigina yakuniy imtihonlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishgan. Yakuniy imtihonlarga o‘zi ustida qattiq ishlagan tinglovchilargina yetib kelishgani ta'kidlangan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan 45 nafar tinglovchi Toshkent shahridagi Inha universiteti talabasiga aylandi. 

Shuni ta'kidlash kerakki, faqatgina tayyorlov kursi tinglovchilari kirish imtihonlarini topshirmasdan IUT talabasiga aylanishi mumkin. Tayyorlov kurslarining yakuniy imtihonlarida kamida 60% baho olgan yoki kurslarning 30% eng yaxshi tinlovchilari orasiga kirganlar IUT talabasiga aylanishadi. Shu bilan birga ular grantlar uchun kurashish tufayli kirish imtihonida ishtirok etish huquqini saqlab qolishadi.

Joriy yilda 45 nafar muvaffaqiyatli tinglovchi kirish imtihonlaridan avval IUT talabasiga aylandi. Ulardan 32 nafari “Kompyuter injiniring va Dasturiy injiniring” (SOCIE) yo‘nalishiga hamda 13 nafari “Logistika” yo‘nalishiga qabul qilindi. Shu bilan birga ularning 9 nafari kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning 1- va 2-kurslarida ta'lim olishadi. Ular kollej va litseydagi o‘qishlarini yakunlagach, IUTga imtihonsiz qabul qilinadi.

Amirulla Abdullayevning aytishicha, bu yil tayyorlov kurslarining 82% tinglovchisi oliy o‘quv yurtlariga kirish sharafiga muyassar bo‘lgan. Ulardan 61% esa IUT talabasiga aylangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 145 nafar tinglovchidan 118 nafari ingliz tili bo‘yicha IELTS imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan. Ular IELTS imtihonida o‘rtacha 6 yoki undan yuqori baho olgan.

Taqdirlash jarayonida IUT vakillari Toshkent shahridagi Inha universitetiga qabul qilinganliklari haqidagi sertifikatlarini tinglovchilarga topshirishdi. To‘qqiz nafar tinglovchi esa litsey va kollejni bitirganidan keyin IUTda o‘qish huquqiga ega ekanligini tasdiqlovchi xat oldi
.
Hozirda uzluksiz ta'lim markazi ikki yillik tayyorlov kurslariga tinglovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazmoqda. O‘tgan yillar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, matematika va fizikadek murakkab fanlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun bir yil yetarli emas. Ingliz tilini ham yaxshi o‘zlashtirish uchun ko‘proq vaqt kerak. Shuni ta'kidlash kerakki, yoshlar IUTga o‘qishga kirishi uchun tayyorgarlikni kollej yoki litseyning 1- yoki 2- kursidan boshlashi kerak.

 

Top