17:17 / 21.09.2016
28117

“Bedarak ketgan turmush o‘rtog‘im qaytib keldi, nikohimiz esa bekor qilingan...”

Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi N.Bahromova “Postda” gazetasiga yo‘llagan xatida turmush o‘rtog‘i xorijga ishlash uchun ketib, ancha yillar qaytib kelmagani, shu sababli sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilganini yozadi. “Baxtli tasodif tufayli u yaqinda qaytib keldi. Biz nikohimizni qayta tiklasak bo‘ladimi yoki qayta nikohdan o‘tishimiz kerakmi?”, deb yozadi N.Bahromova.

Mushtariyning savoliga huquqshunos Dilfuza Amirova javob bergan:

“O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 48-moddasiga ko‘ra, sud tomonidan vafot etgan deb e'lon qilingan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilgan er (xotin) qaytib kelgan va tegishli sud qarorlari bekor qilingan hollarda, nikoh er-xotinning birgalikdagi arizasiga ko‘ra fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi tomonidan tiklanishi mumkin. Faqatgina agar er (xotin) yangi nikohga kirgan bo‘lsa, nikohni tiklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, sizlar birgalikda ariza berib, nikohingizni qayta tiklashingiz mumkin. Yangidan nikohdan o‘tish uchun zarurat yo‘q”.

Top