18:44 / 24.09.2016
5680

“Manchester Yunayted” o‘z maydonida “Lester”ni yirik hisobda mag‘lub qildi

Angliya Premer-Ligasining 6-turida “Manchester Yunayted” jamoasi o‘z maydonida “Lester”ni qabul qildi.

Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridan boshlab mezbonlar ketma-ket hujumlarni tashkil qildi. 22-daqiqada Kris Smolling burchakdan oshirilgan to‘pdan so‘ng “Lester” darvozasini aniq nishonga oldi, - 1:0. Avvalgi o‘yinlarda zaxirada qolgan Xuan Mata 37-daqiqaga kelganda juda chiroyli tarzda  “mankunianliklar”ning ikkinchi golini urdi, - 2:0. Oradan uch daqiqa o‘tib Markus Reshford tabloga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi, - 3:0. Ketma-ket o‘tkazilgan gollar “Lester”ni shokka tushirdi. Bu esa 42-daqiqaga kelganda yana o‘z aksini ko‘rsatdi. “MYu”ning eng qimmatbaho transferi bo‘lib turgan Pol Pogba boshi bilan “Lester” darvozasini to‘rtinchi bor ishg‘ol etdi, - 4:0.

Ikkinchi bo‘limda “Lester” biroz jonlangan holda futbol ko‘rsata boshladi. Zaxiradan maydonga tushgan Demaray Grey juda chiroyli tarzda David De Xea darvozasini ishg‘ol qilib  hisobdagi farqni qisqartirdi, - 4:1. Qolgan vaqt davomida ikkala jamoa ham boshqa gol kiritishning uddasidan chiqa olmadi. Shunday qilib, “Manchester Yunayted” amaldagi chempion “Lester”ni 4:1 hisobida mag‘lub qildi.

“Manchester Yunayted” – “Lester” 4:1 (4:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 22 Smolling, 2:0 – 37 Mata, 3:0 – 40 Reshford, 4:0 – 42 Pogba, 4:1 – 59 Grey. 
“Manchester Yunayted” – De Xea, Valensiya, Smolling, Bayi, Blind, Lingard (Kerrik, 78), Pogba, Errera, Mata (Yang, 87), Reshford (Runi, 83), Ibrahimovich.
“Lester” – Tsiler, Morgan, Fuks, Simpson, Xut, Drinkuoter, Amarti, Olbrayton (Shlupp, 62), Marez (King, 46), Vardi (Grey, 46), Slimani.
Ogohlantirishlar: Xut (50), Simpson (74)

Top