13:35 / 24.09.2016
7368

Norvegiyalik olimlar otlarni odamlar bilan muloqot qilishga o‘rgatishdi

Norvegiyalik olimlar ikki haftalik tajriba davomida otlarning biz o‘ylaganimizdan-da aqlli ekanini isbotlashning uddasidan chiqishdi. Bu vaqt ichida otlar maxsus kartochkalar yordamida o‘z istaklari va ehtiyojlari haqida xabar berishni o‘rganib olishdi. Bu haqida Applied Animal Behaviour Science jurnali ma'lum qildi. 

Manbaga ko‘ra, otlar har qanday mavhum belgini haqiqiy effekt bilan bog‘lay olishar ekan. Avval bu jihat faqat delfinlar, primatlar, to‘tilar va ma'lum ma'noda itlar va mushuklarga xos ekanligi taxmin qilingandi. Ilmiy tadqiqotni doktor Sessiliya Meydel Norvegiya veterinariya institutidagi hamkasblari bilan hamkorlikda olib bordi. 

Tadqiqot davomida turli zot va yoshdagi 23 otdan iborat guruh nazoratga olindi. Ularning har biriga biologlar uch yirik kartochkani ketma-ket ko‘rsatishdi. Birida vertikal chiziq, boshqasida - gorizontal, uchinchisida esa bo‘m-bo‘sh edi. Otlar ularda yopinchiq (otlarga yopiladigan maxsus adyol) bor yoki yo‘qligiga ishora qiluvchi kartochkani tanlashlari kerak bo‘lgan va 14 kundan keyin barcha otlar kartochkalarning farqiga bora boshlashdi. 

Tajriba shu bilangina yakunlanmadi, aks holda bu oddiy dressirovka bo‘lib qolardi. Jonivorlarga uchta kartochkadan istaganlarini tanlash huquqi berildi. Natija shuni ko‘rsatdiki, otlar iliq va quyoshli kunda yopinchiqqa ishora qilmaydigan kartochkani tanlashdi. Jonivorlar shu yordamida yopinchiqlarni olib tashlashni so‘rashgan, ular bo‘lmagan taqdirda shunday holatda qolishga ishora qilishgan. Sovuq havoda esa jonivorlar, aksincha, yopinchiqni yopishni so‘rashgan, ularning iltimosi tezda bajarilmasa, otlar  yanada qat'iy talab qilishga o‘tishgan. 

Hozirda olimlar otlarning bunday xulq-atvori ularning uy jonivorlari ekanligi bilan bog‘liqmi yoki yovvoyi otlar ham inson bilan muloqot qila oladimi - shu haqida bosh qotirishmoqda. Ma'lumki, echkilar o‘rgatilgandan keyin odamlardan yordam so‘rashni o‘rganib olishdi, lekin yovvoyi echkilar hattoki xavf yuzaga kelgan taqdirda ham yordam so‘rashmagan. 

Top