11:02 / 26.09.2016
9182

Tailandning sobiq bosh vaziri Chinnavatga nisbatan 1 milliard dollar miqdordagi jarima puli belgilandi

Maxsus davlat komissiyasi o‘z vazifalariga beparvo munosabatda bo‘lgani uchun Tailandning sobiq bosh vaziri Yinglak Chinnavatga nisbatan jarima belgiladi. Bangkok Post nashrining ma'lum qilishicha, hukumatning sobiq rahbariga belgilangan jarima miqdori - 35,7 milliard bat (1 milliard dollardan ortiq).

Tailand moliya vazirligi komissiyasi Yinglak Chinnavatni 2013-2014 yillarda dehqonlardan guruch xarid qilish davlat dasturini amalga oshirishda loqaydlikda ayblab, fevral oyidayoq unga nisbatan ochilgan tergov ishini yakuniga yetkazgan. Biroq jarima miqdorini belgilash uchun yana 8 oy vaqt kerak bo‘lgan. 

Manbaga ko‘ra, sobiq bosh vazirning o‘zi unga qo‘yilgan ayblovni "adolatsiz", deb hisoblaydi. Jarima haqidagi qaror chiqarilganidan keyin u Qirollikning hozirgi hukumatini u va uning oila a'zolariga qarshi "ikkilamchi standartlarni qo‘llash"da aybladi. Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ocha matbuotga bergan izohida "Biz hech kimni alohida ajratmaymiz", deya ta'kidladi. "Gap faqat o‘z vazifalarimizni bajarish haqida ketmoqda. Agar biz shunday qilmaganimizda, o‘zimizni beparvolikda ayblash kerak bo‘lardi. Shu bois bu qarorni adolatli, deb hisoblayman", - dedi u. Shuningdek u sobiq bosh vazir o‘z huquqlaridan foydalanib, sudda qarorga qarshi ish ochishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Top