18:55 / 26.09.2016
19057

O‘zbekistondagi yirik kimyo zavodi Xitoy kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tashkil etishi mumkin

O‘zbekistondagi yirik kimyo zavodi – «Navoiyazot» AJ tez kunlarda Xitoyning «Chemchina» kompaniyasi bilan birgalikda qo‘shma korxona tashkil etadi. Bu haqda nuz.uz xabar bergan.

Saytning rasmiy manbalarga tayanib xabar berishicha, Navoiydagi kimyo zavodi xorijiy investorlar ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etilishi ko‘zda tutilgan yirik korxonalar ro‘yxatiga kirgan.

2016 yil avvalida Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi «Navoiyazot» AJ bazasida qiymati 439,8 mln dollarni tashkil etuvchi polivinilxlorid ishlab chiqarish majmuasi qurish bo‘yicha bosh pudratchi maqomini olgandi.

Qurilish uchun 374 mln dollarlik kreditni Xitoyning Eksimbank banki «Asaka» bankiga ajratdi. Loyihada yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda va 300 ming tonna metanol ishlab chiqarish quvvatiga ega majmua qurish ko‘zda tutilgan.

Qurilish ishlarini 2019 yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. 

«Navoiyazot» 1964 yilda foydalanishga topshirilgan O‘zbekistondagi yirik kimyo zavodi hisoblanadi. Bu yerda azot o‘g‘itlari, nitron tolalari, hamda organik sintez ishlab chiqariladi. 2015 yilning noyabrida o‘tkazilgan xalqaro investitsion forumda Yaponiyaning Mitsubishi va Marubeni kompaniyalari zavodning 49 foiz aksiyasini 200 mln dollarga sotib olishga qiziqish bildirib, O‘zbekiston davlat raqobat qo‘mitasi bilan «Navoiyazot» AJni xususiylashtirishda qatnashish bo‘yicha memorandum imzolagandi.

Korxona pasportida «Navoiazot» AJ ustav fondi 61,3 mlrd so‘m yoki 25,1 mln dollarga tengligi ko‘rsatilgan. Asosiy aksionerlar «Davlat aktivlarini boshqarish markazi» (52,92 foiz) hamda «O‘zkimyosanoat» (47,08 foiz). 

Korxona hududi 895,5 gektardan ortiq maydonni egallagan bo‘lib, ishlab chiqarish hududi 285 ga.

Korxonada 10 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi. 

Top