12:06 / 27.09.2016
5918

Kolumbiya prezidenti va FARK isyonchilar guruhi yetakchisi o‘rtasida tinchlik bitimi imzolandi

Foto: ATF

Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos va so‘l isyonchilar guruhi (FARK) yetakchisi Timoleon Ximenes 50 yillik qurolli qarama-qarshilikdan so‘ng tinchlik bitimini imzolashdi. Bu haqda jahon ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.

Hujjat imzolangach, isyonchilar yetakchisi o‘z nutqida nizo vaqtida qurbon bo‘lganlarning oila a'zolariga o‘z hamdardligini bildirdi va ulardan kechirim so‘radi.

Kolumbiya hukumati va isyonchilar o‘rtasidagi ziddiyat Yer sayyorasining g‘arbiy yarimshari tarixida eng uzoq vaqt davom etgan nizo hisoblanadi – 52 yil. Tomonlar to‘rt yillik muzokaralardan so‘ng avgust oyida kelishuvga erishishdi. Bitim imzolangani hamono tashkilot yetakchisi o‘z askarlariga qurollarni topshirish va o‘t ochmaslik rejimiga amal qilishga buyurdi. Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos ham nizolar to‘xtatilgani haqida ma'lum qildi.

Kelishuv isyonchilarni afv etish (og‘ir harbiy jinoyatlarni sodir etganlar bundan mustasno), sobiq isyonchilarning jamiyatga integratsiyalashuvini yo‘lga qo‘yish, Kolumbiyada yer islohotlarini o‘tkazish, shuningdek, urush yillaridagi jinoyatlarni sud qilish uchun mahkamalar tashkil etishni nazarda tutadi.

Kelishuvning ba'zi punktlariga ko‘ra FARK hukumatdan konstitutsion o‘zgarishlar talab etishga haqli va bu masala oktabr oyidagi referendumda ko‘rib chiqiladi.

Top