18:10 / 27.09.2016
5056

O‘zbekistonga Inha Universiteti gospitalining malakali shifokorlari tashrif buyurdi

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi jismonan baquvvat, ma'nan yetuk, ruhan tetik farzandlarni tarbiyalashda, onalik va bolalikni muhofaza qilish, “Sog‘lom avlod” harakatini rivojlantirish maqsadida qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.

Fond xorijiy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, hukumat qarorlari hamda Davlat dasturlari ijrosini ta'minlash uchun bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish yo‘lida qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 2015 yil davomida Fond onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishda Germaniyaning Friedensdorf International xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining Save the Children xalqaro fondi, Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash KOFIH fondi, Inha va Pundan Cha Universitetlari gospitallarida tug‘ma yurak nuqsoni, terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan og‘rigan O‘zbekistonlik bemor bolalarni bepul sog‘lomlashtirdi.
Bu sohada Fond Koreya Respublikasi bilan bir qator sog‘lomlashtirish dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. Ushbu xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 sentabrda tasdiqlangan 10/1-3331-sonli tashrif Dasturi asosida joriy yilning 25-30 sentabr kunlari Koreya Respublikasining Inha Universiteti gospitali malakali shifokorlari (17 nafar xirurg, gastroenterolog, pediatr, reabilitolog, ortoped, otorinolarintolog, infeksionist – professorlar,  farmatsevt va tibbiyot hamshiralari boshqa mutaxassislar) tomonidan Respublikamizning bir necha hududlarida 26 sentabr kuni soat 09:00 — 18:00gacha Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Surankent qishlog‘i “Arirang” qariyalar uyida va 28-29 sentabr kunlari soat 08:00-18:00gacha Navoiy shahri “Xanjin grupp” kompleksi binosida aholi umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, 2015 yilning sentabr oyida ham Koreya Respublikasining Inha Universiteti gospitali malakali shifokorlari yurtimizga tashrif buyurib, aholini, asosan ayollar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgan. Inha Universiteti gospitali va “Sog‘lom avlod uchun” fondi o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar 2011 yilda yo‘lga qo‘yilgan.
 

Top