20:01 / 28.09.2016
4989

Bag‘dod rasmiylari Iroqqa amerikalik harbiylarning yangi guruhi keltirilgani haqida ma'lum qildi

Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy mamlakatga Mo‘sulni IShIDdan ozod etish harakatlarida qatnashuvchi amerikalik harbiylarning yangi guruhi yetib kelgani haqida ma'lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

«Amerikaliklar prezidenti Barak Obama Iroq hukumatining harbiy koalitsiya tarkibidagi amerikalik instruktorlar va harbiy maslahatchilar sonini oshirish bo‘yicha so‘rovini ko‘rib chiqqan», — degan al-Obodiy.

U aynan qancha miqdorda amerikalik harbiy Iroqqa kelib tushganiga aniqlik kiritmagan.

Oq uy va AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni, general Jozef Votel bu ma'lumotni tasdiqlagan. Mo‘sulga IShIDni butkul tor-mor etishga qaratilgan yakuniy hujum oktabr oyining ikkinchi yarmida boshlanishi kutilmoqda.

Ayni vaqtda Iroqda amerikalik 4,4 ming harbiy mavjud. Pentagon ma'lumotiga ko‘ra, bu harbiylar iroqlik harbiylarga yordam ko‘rsatish uchun Iroqda bo‘lib turibdi. Amerikalik harbiylar yangi yollangan askarlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Mo‘sul - Iroqdagi ikkinchi yirik shahar bo‘lib, 2014 yilning yozidan buyon IShID nazoratida qolmoqda. Mart oyida bu shaharga Iroq armiyasi hujumlar boshlagan, lekin samaraga erishilmagandi.

Mavzuga oid
Top