10:15 / 28.09.2016
7033

Bred Pitt oilaviy mojarolari sababli "Vaqtlar aro sayohat" filmi premerasini o‘tkazib yuborgan

Amerikalik aktyor Bred Pitt rejissyor Terrens Malikning "Vaqtlar aro sayohat" ("Voyage of Time") nomli hujjatli film premerasida "oilaviy muammolari" tufayli ishtirok eta olmagani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda Reyter agentligida xabar berilgan.

"Vaqtlar aro sayohat" - 45 daqiqalik, IMAX kamerasi yordamida tasvirga olingan tajribaviy film. Uning premerasi 7 sentabr kuni Venetsiya kinofestivali vaqtida o‘tkazilgan. Film yerdagi hayotning yaralishidan intihoga qadar hikoya qiladi.

"Men bu loyihada ishtirok etganimdan mamnunman. Lekin ayni vaqtda men bor e'tiborimni oilamdagi vaziyatga qaratganman. Barchaga bu filmni tomosha qilishni tavsiya etaman", deya uning so‘zlarini keltirgan agentlik.

1 hafta oldin Anjyelina Joli ajrashish uchun hujjatlar topshirgani ma'lum bo‘ldi. Aktrisa suddan 6 farzandini o‘zida qoldirishni so‘ragan. Shu bilan birga Pittning farzandlari bilan dam olish kunlarida uchrashib turishiga qarshilik qilmasligini bildirgan.

Bred Pitt va Anjyelina Joli Hollivudning eng yuqori maosh oluvchi aktyorlari hisoblanishadi. Ular uzoq yil davomida birga yashashib, 2014 yilda rasman nikohdan o‘tishgandi. Bu oila Hollivudning eng baxtiyor oilasi sifatida ko‘rilardi. Juftlik 6 farzandni (shulardan 3 nafari asrab olingan) voyaga yetkazishayotgandi.

Mavzuga oid
Top