18:25 / 29.09.2016
6901

Ashxobod shahrida o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tdi

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
  
Mazkur tadbir O‘zbekiston va Turkmaniston hukumatlari o‘rtasida 2014-2016 yillarga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik dasturiga asosan “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchixonasi hamda “Turkmanfilm” birlashmasi hamkorligida tashkil etildi. 

O‘zbek kinosi kunlari dasturi kinorejissyor Qamara Kamolovaning “Unutma meni” badiiy filmi bilan ochildi. Ushbu film davlat buyurtmasiga asosan 2012 yilda “Shod” ijodiy uyushmasida ishlab chiqarilgan bo‘lib, unda endigina dunyoni anglab kelayotgan jajji bolalarning hayoti va ichki dunyosi haqida hikoya qilinadi.

Tadbir doirasida mamlakatimiz kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan «Xazonrezgi», «Zarb», «Parizod», «Sehrli qalpoqcha», «Ota», «Hayotda...» kabi badiiy filmlar namoyish etildi.

O‘zbek kinosi kunlari mobaynida “Turkmanfilm” birlashmasi faoliyati bilan tanishuv, ikki mamlakat kinematografchilari ishtirokida ijodiy uchrashuv, filmlar muhokamalari kabi qator tadbirlar o‘tkazildi.

Top