12:25 / 29.09.2016
13182

Gruziya O‘zbekistonga sitrus mevalar eksportini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

Adjar avtonom respublikasining qishloq xo‘jalik vaziri o‘rinbosari Ruslan Koridze va vazirlikning axborot maslahat departamenti rahbari Karlo Keklidzedan iborat Gruziya delegatsiyasi sitrus mevalar eksport imkoniyatlarini taqdim etish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqida "Turkiston-press" ma'lum qildi

28 sentabrda Gruziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvni mamlakat elchisi Konstantin Jgenti ochib berdi. U sitrus mevalar doimo Gruziyaning faxri bo‘lib kelganligini ta'kidladi. So‘nggi yillar ichida yuqori sifatga hosilni yig‘ish, uni tashish va saqlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar qo‘shilganligini alohida qayd etdi. Gruziya Rossiya va Ukrainaga sitrus mevalarni eksport qiladi, hozirda u bu yo‘nalishda yangi bozorlar va hamkorlarni izlamoqda. 

Ruslan Koridzening so‘zlariga ko‘ra, taxminan 20-21 oktabrda O‘zbekiston tadbirkorlari uchun Ajariyaga biznes-tur rejalashtirilmoqda. U Gruziyadagi taxminan 40 korxonaning O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini aytdi. 

O‘zbekiston OAV va tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Gruziyadan sitrus mevalarni eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi, shuningdek zamonaviy Adjariya, uning mashhur markazi - Batumi taraqqiyoti, shu jumladan sayyohlik imkoniyatlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, Gruziya va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi ikki tomonlama hamkorlik rivojiga juda katta hissa qo‘shgan bo‘lar edi. Gruziya mahsulotlarining yanada keng eksportini tashkillashtirish charter aviareyslarni ham o‘rnatishga imkon berishi ta'kidlandi. 

Gruziya delegatsiyasining uch kunlik tashrifi dasturiga muzokaralardan tashqari, O‘zbekiston bozorini o‘rganish va aholi ehtiyojlarini tahlil qilish maqsadida poytaxtdagi supermarketlar, do‘konlar va bozorlarni ko‘zdan kechirish ham kiritilgan. 

Top