11:21 / 30.09.2016
6814

Fransiya O‘rta Yer dengizidan turib IShIDga qarshi zarba berishni boshlaydi

Fransiyaning "Sharl de Goll" samolyot tashuvchisidan ko‘tarilgan Rafale qiruvchi samolyotlari IShID jangarilariga qarshi ilk harbiy uchishlarni amalga oshirdi.

10 kun oldin Tulon portidan chiqqan "Sharl de Goll" ayni vaqtda O‘rta Yer dengizining sharqiy qismiga joylashgan. Uning bortida 24ta Rafale qiruvchilari mavjud bo‘lib, endilikda Fransiya IShIDga qarshi harakatlarda ishtirok etayotgan ikkinchi yirik kuchga aylandi. Bu vaqtgacha harbiy harakatlarda fransuzlarning Iordaniya va BAAdagi aerodromlarga joylashtirilgan 12ta qiruvchi samolyoti ishtirok etmoqda edi.

BFMTV ma'lumotiga ko‘ra, yangi keltirilgan samolyotlar orqali Iroqning Mo‘sul shahriga ilk zarbalar beriladi.

Shuningdek, Fransiya O‘rta Yer dengizida floti bilan IShIDga qarshi navbatchilik harakatlarini olib boruvchi uchinchi mamlakat bo‘ldi.

IShID ayni vaqtda butun dunyoga xavf solib turgan asosiy tahdidlardan biri hisoblanadi. 3 yil ichida jangarilar Iroq va Suriyaning kattagina qismida nazorat o‘rnatdi. Keyingi oylarda olib borilgan muvaffaqiyatli yurishlar orqali ba'zi hududlar qaytarib olingan.

IShIDga qarshi yagona front yo‘q. Jangarilarga qarshi turli frontlarda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya, Rossiya harbiy kosmik kuchlari ko‘magidagi Suriya hukumati, mustaqil ravishda Iroq armiyasi, kurdlar, livanlik va iroqlik shialar kurash olib bormoqda.

Top