07:13 / 30.09.2016
19717
Tojikiston prezidenti O‘zbekiston tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Dushanbega amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovni kutib oldi.

Tomonlar tojik-o‘zbek munosabatlarining joriy holati va istiqbollarini muhokama qilishdi hamda uni yanada kengaytirish yo‘llarini ko‘rib chiqishdi.

Uchrashuv davomida oxirgi vaqtda ikki davlat o‘zaro munosabatlaridagi ijobiy tendensiyalar, jumladan savdo aylanmasi hajmining oshishi, savdo-iqtisodiy hamkorlik hukumatlararo komissiyasi ishining faollashgani hamda doimiy siyosiy maslahatlashuvlar va yuqori darajadagi muloqotlarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi. 

Tomonlar, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qilishdi hamda Markaziy Osiyoda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning bosh sharti sifatida mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash muhimligiga e'tibor qaratishdi.

O‘zaro sa'y-harakatlar sohasida ko‘plab narsalarga erishilgani va ikki davlatning tegishli tuzilmalariga davlatlararo aloqalarning butun majmuasini rivojlanishning yangi trayektoriyasiga chiqarish maqsadida rejali ishni o‘tkazishi kerakligi ta'kidlab o‘tildi.

Tojikiston prezidenti o‘zaro munosabatlar Tojikiston tashqi siyosatida ustuvor xarakterga egaligini qayd qilib o‘tdi.

Tojik-o‘zbek munosabatlarining butun majmuasini sermazmun ilgari surish uchun qulay sharoit yaratishning muhim omili sifatida iqtisodiy va savdo hamkorligi darajasini oshirish birinchi navbatdagi muhim masala sifatida belgilandi.  

Shu bilan bir vaqtda, suv-energetika va transport-logistika sohalari, fuqarolarning ikki davlatga o‘zaro tashriflari masalalari faol o‘zaro harakatlarni talab qiluvchi yo‘nalishlar sifatida e'tirof etildi.

 

Top