20:43 / 02.10.2016
22359

Checheniston prokurori Ramzon Qodirovning giyohvandlarni sudsiz otishga chaqirig‘iga tushuntirish berdi

Checheniston prokurori Sharpuddi Abdulqodirov respublika rahbari Ramzon Qodirov o‘zining giyohvandlarga nisbatan keskin choralar ko‘rish haqidagi nutqida terrorchilarga qo‘shilayotgan va jamoatchilik xavfsizligiga xavf solayotganlarni nazarda tutganini aytdi. 

Avvalroq Qodirov huquq-tartibot muassasalari vakillari, amaldorlar va imomlar bilan o‘tgan yig‘ilishida mast holatda yoki giyohvand moddalar ta'sirida bo‘lgan "osoyishtalikni buzuvchilar"ni otib tashlash kerakligini aytgan.

Prokurorning aytishicha, Qodirovning so‘zlari ma'nosi buzilib ko‘rsatilgan, "bu usul esa turlicha sharhlarga asos beradi". U, shuningdek, "giyohvandlar va toksikomanlar terrorchilik faoliyatiga jalb qilish uchun qulay muhit" hisoblanishini qo‘shimcha qildi.   

"Bu yerda ular tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar jamoatchilik ma'naviyatiga qarshi qaratilgan toifadan jamoatchilik xavfsizligi va jamoatchilik tartibiga qarshi yo‘naltirilgan, ya'ni terrorchilik jinoyatlariga aylanadi", deb aytdi Checheniston prokurori. 

Abdulqodirov Chechenistonda jinoyatchilikka qarshi kurash federal qonunchilikka qat'iyan rioya qilingan holda amalga oshirilishini aytdi.

 

Top