20:41 / 03.10.2016
10353

Saudiya Arabistoni xorijliklarga mamlakatdan chiqish uchun to‘lov kiritdi

Saudiya Arabistoni neftdan tushadigan daromadlar kamaygani sababli viza yig‘imlari qiymatini ancha oshirdi. BAAning Gulf News nashri xabar berishicha, endi xorijliklar nafaqat mamlakatga kirish uchun, balki undan chiqish uchun ham haq to‘laydilar.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonini tark etmoqchi bo‘lgan har bir xorijlik 50 dollarga yaqin haq to‘lashi kerak bo‘ladi. Hozirda 80 dollar bo‘lgan tranzit vizasi ham oshdi, dengiz sayohatlarida port infratuzilmasidan foydalanganlik uchun bir kishiga 13 dollar qiymatda yig‘im to‘lanadi.

Nashrning yozishicha, Saudiya Arabistoniga ikki oylik bir martalik kirish vizasi narxi 10 barobarga, ya'ni 50 dollardan 530 dollargacha oshdi. Qirollikda bo‘lgan mehmon har bir qo‘shimcha oy uchun 26 dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga ziyoratchilar uchun qirollikka birinchi safar bepul bo‘ladi. 

Saudiya Arabistoni hukumati byudjyet daromadlarini oshirish borasida mehnat muhojirlari uchun kirish hujjatlarini rasmiylashtirishdan olinadigan yig‘imlarga umid bilan qaramoqda. Yangi qoidalarga ko‘ra, Saudiya Arabistoniga kirish uchun xorijiy ishchilar 80 dollar to‘lashi kerak bo‘ladi, yarim yillik ishchi viza 800, yillik – 1333 va ikki yillik ishchi viza 2133 dollar turadi.  

Saudiya Arabistoni muhojirlar soni bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni egallaydi, ularning mamlakatdagi soni 9,1 mln kishini tashkil qiladi. Shundan kelib chiqqan holda, qirollik doimiy yashovchi xorijliklar uchun vizaning o‘zidan yiliga kamida 12 mlrd dollar ishlab topishi mumkin.  

 

Top