19:14 / 03.10.2016
7501

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston Respublikasi okrug saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi

Unda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalariga muvofiq tuman, shahar hokimliklari hamda harbiy qismlar komandirlarining saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risida okrug saylov komissiyasiga topshirgan taqdimnomalari ko‘rib chiqildi. Shunga muvofiq, okrug hududida 590 saylov uchastkasi tuzildi. Saylov uchastkalarining tartib raqami, chegarasi, manzili ko‘rsatilgan ro‘yxati tasdiqlandi.

Tuzilgan saylov uchastkalarini aloqa vositalari va ko‘rgazmali qurollar, zarur adabiyotlar, matbuot nashrlarining yangi sonlari bilan to‘liq ta'minlash, saylovchilarga qulay sharoit yaratish vazifalari belgilab olindi. Saylovlarni milliy saylov qonunchiligi asosida demokratik tamoyillarga muvofiq oshkoralik, adolat va demokratik tamoyillar asosida o‘tkazishni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Okrug saylov komissiyasiga ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, mustaqil jurnalistlar va ijodiy uyushmalardan akkreditatsiyadan o‘tkazishni so‘rab tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik va saylov jarayoni xolisona yoritib borilishini ta'minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shu kuni ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etilib, unda okrug saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga ko‘rilayotgan tayyorgarlik masalalari haqida ma'lumot berildi.

A.ORTIQBOYeV,
O‘zA muxbiri

Top