11:44 / 04.10.2016
10318

O‘qishga kirish orzusi: samarqandlik firibgarlar guruhi bundan ustalik bilan foydalanishdi

Aka-uka Abdalim va Muzaffar ikki martadan sudlangan. Biroq ular bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan ekan. Ular Jamila degan ayolni ham o‘zlariga sherik qilib, jinoiy guruh tashkillashtirishdi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

O‘zaro kelishuvga asosan Muzaffar o‘qishga kirish istagida yurgan yigit-qizlarni topadigan, ularga akasi Abdalim Davlat test markazida huquqshunos bo‘lib ishlashini, har qanday oliy o‘quv yurtiga kiritishga qurbi yetishini aytib, odamlarni ishontiradigan bo‘ldi.

Ularning to‘riga birinchi bo‘lib Samarqand shahridagi do‘konlardan birida sotuvchilik qiladigan Malohat opa ilindi. Aka-ukalar o‘g‘lini o‘qishga kiritib qo‘yish sharti bilan opadan 2000 AQSh dollari olishdi va g‘oyib bo‘lishdi.

Ikkinchi o‘ljani Jamila topdi. U qo‘shnisi Muattarning ikki nafar qizini o‘qishga kiritib qo‘yadigan “tanishi” Muzaffarga murojaat qildi. Yigit esa qizlarning ota-onasidan 4000 AQSh dollari olib, qochib qoldi.
Xullas, ishlar shu tariqa davom etaverdi. 

Tergov jarayonida aka-ukalar M.Abdurahmonovadan 2 mln. 800 ming, A.Odilovdan 3000 AQSh dollari, U.Roziqulovadan 4400 AQSh dollari, A.Umarovdan 4000 AQSh dollari, G.Safarovadan 5000 AQSh dollari, U.Rahmatovdan 4000 AQSh dollari, N.Hamidovadan 800 AQSh dollari, N.Pardayevadan 4000 AQSh dollari va ana shular qatori 11 nafar fuqarodan farzandlarini o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, jami 62 ming AQSh dollaridan ortiq pullarni qo‘lga kiritishgani ma'lum bo‘ldi.

Sud hukmi bilan Abdalim va Muzaffar Musayevlarning har biri 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, ulardan solidar tartibda 134 mln, 302 ming so‘m davlat foydasiga undiriladigan bo‘ldi. Ularga sherik bo‘lgan Jamila Yakubova ham qilmishlariga yarasha jazo oldi.

Top