11:26 / 05.10.2016
26832
5 oktabr tongi. Toshkent chorrahalaridan birida svetofor yo‘qligi tufayli avtobus va yengil mashina to‘qnashib, bir inson halok bo‘ldi

5 oktabr tongida Toshkent shahrida yirik yo‘l transporti oqibatida bir inson hayotdan ko‘z yumdi va kishilarga moddiy talofatlar yetkazildi. Yo‘lovchi tashuvchi avtobus katta tezlikda kelayotgan “Lasetti” rusumli mashina bilan to‘qnashishi natijasida ana shunday mudhish holat yuz berdi. Eng ayanchlisi bunga har ikki tomonni ham ayblab bo‘lmaydi, balki boshqa sabablarni keltirib o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Falokat aslida qanday sodir bo‘ldi?..

Metroning “Novza” stansiyasi chorrahasi, aniqrog‘i, Muqimiy va Bunyodkor ko‘chalari chorrahasida 5 oktabr, soat 5:30-6:00lar atrofida yo‘lovchi tashuvchi avtobus va “Lasetti” rusumli mashinalar o‘zaro to‘qnashib ketdi. Muqimiy ko‘chasidan kelayotgan avtobus Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan yengil mashinaga borib uriladi. Buning oqibatida yengil mashina boshqaruvida bo‘lgan ayol voqea joyida jon beradi. Bu YTHda kim aybdor - bu yo‘l patrul xizmati xodimlarining vazifasi, ammo biz masalaga o‘zgacha yondashmoqchimiz.

Guvohlarning hamda avtotransport egalarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu katta chorrahada 2-3 kundan beri yo‘l chiroqlari yo‘q. Borlari yangi ko‘prik qurilishi munosabati bilan olib tashlangan. YPX xodimlari istalgan, ha, kunning istalgan vaqtida chorrahada turishadi. Qolgan paytlarda esa ana shunday ulkan chorrahada harakatlanuvchi avtoulovlar o‘zlari bilganicha ish tutadi.

Shu o‘rinda, mazkur chorraha ko‘chalaridan biri Muqimiyda joylashgan 173-maktab ro‘parasidagi piyodalar o‘tish yo‘lagi yaqinida ham yo‘l chiroqlari mavjud emas. Maktab o‘quvchilari esa "bir amallab" ta'lim dargohiga o‘tib olishadi.

Biz tushunamiz, yo‘lda qurilish ishlari ketmoqda...

Biz tushunamiz, hammasi 2-3 kun ichida hal bo‘ladi...

Ammo, bu haqida aholi oldindan xabardor qilib qo‘yilsa bo‘lardi-ku?!

Quyosh osmon uzra indi. Bir necha soatlar muqaddam o‘lim bilan yakunlangan YTH yuz bergan chorrahada avvalgidek harakat boshlandi va u yerda, ajabki, YPX xodimlari ham qad rostladi. Yo‘l chiroqlari ham o‘rnatila boshlandi. Demak bo‘lib o‘tgan voqea mohiyatiga yetib borilibdi, bundan keyin mana shunday noxush holatlar yuz bermasligi uchun harakatga kelinibdi. Boriga shukur...

Xulosa o‘rnida

Inson boshiga biror-bir musibat tushganida, yurak to‘lqinlanib ketadi. Agar bu musibatda inson hayot bilan vidolashsa, yanada chuqur g‘am qamrab oladi. Biroq bularning bari nari borsa, yarim-bir soat ichida unutiladi. Ammo.. O‘sha halok bo‘lgan yoki jabrlangan kimsaning yaqinlari, oila a'zolari-chi? Bu voqea ularning qalbida, xotirasida mangu qolmaydimi? Bu musibat o‘z ortidan boshqasini olib kelmaydimi? Yanada dahshatlisi, mas'ul odamlar o‘z vijdonlariga bu ishlarni qanday sig‘dira olishadi? Savollar doimgidek ko‘p, ammo javob berish esa bizga emas, sizga havola...

Sarvar Anvar o‘g‘li

Top