22:50 / 06.10.2016
16590

Ushu bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi oltin medal qo‘lga kiritildi

25 sentabrdan 3 oktabrgacha Bolgariyaning Burgas shahrida o‘smirlar o‘rtasida ushu bo‘yicha 6-jahon chempionati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda gazeta.uz.

Musobaqada 53 ta davlatdan 800 sportchi ishtirok etdi. Murabbiylar Dilshod Bozorov va Jamoliddin Salimjonov boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi musobaqalarda 11 nafar sportchilarimiz bilan qatnashdi. Ulardan 7 nafari taolu, 4 nafari sanda yo‘nalishlari bo‘yicha qatnashdilar. 

Ushu-taolu ushu bo‘yicha mashqlar majmuasi bo‘lib, yakka tartibda go‘yoki soya bilan, ya'ni xayoliy raqib bilan jang qilayotganga o‘xshash bajariladi. Sportchilar bu yo‘nalishda ushuning turli uslublaridagi harakatlar va akrobatika elementlaridan tuzilgan harakatlar majmuasini bajarish bo‘yicha musobaqalashadilar. Bunda harakatlar murakkabligi, ularni bajarish aniqligi, ijroning sahnalashtirilganligi baholanadi. 

Sanda esa himoyalovchi ekipirovkada erkin tarzdagi aloqali jangdan iborat.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari oltin va bronza medallarini qo‘lga kiritdilar. Yurtdoshimiz Darya Latishova yog‘och bilan mashqlar majmuasida eng yaxshi natijani ko‘rsatib, sovrindorlar shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi, Azizbek Isroilov sanda yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonda ushu bo‘yicha ko‘plab klublar faoliyat ko‘rsatadi. Bizning sportchilar ushbu sport turi bo‘yicha oxirgi yillar yuqori ko‘rsatkichlarga erishmoqdalar. Oxirgi ikki yil ichida o‘smirlar o‘rtasida jahon va Osiyo chempionatlarida yosh ushuchilarimiz 3 ta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdilar.   

"Men ushuni qiziq, chiroyli va ko‘rkam sport turi bo‘lgani uchun tanlaganman. Bu sport turida meni akrobatik harakatlar va qurolga egalik qilish o‘ziga tortadi. Ushuda barcha jihatlar: zarba, kuch, tezlik, murakkab elementlarni bajarish, chidamlilik va shu bilan birga chiroy mujassam bo‘lgan", deb aytmoqda oltin medal sohibi Darya Latishova.

Top