17:37 / 10.10.2016
50361

Bosh vazir virtual qabulxonasi: yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarga tezda yechim topilmoqda

Amir Temur kuch-qudrat adolat, hamjihatlik va hamkorlikda mujassam ekanini anglab-anglatib yashagan. Sohibqironning davlat muhrida bitilgan “Kuch – adolatda” hikmati haqiqatparvarlik va rostlik inson kuchiga kuch qo‘shishi, o‘z navbatida, kuchli shaxs hamisha haqgo‘y bo‘lishini anglatadi. Islom Karimov ishlab chiqqan taraqqiyotning «o‘zbek modeli» – mashhur besh tamoyilning biri ham aynan qonun ustuvorligi edi. Birinchi Prezidentimiz butun faoliyati davomida erkin, adolatli va farovon hayot qurish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini, tartib-intizomni, adolat va haqiqatni qaror toptirish yo‘lida kurashdi.

Shu ma'noda yaqinda O‘zbekiston hukumati portalida ochilgan Bosh vazirning virtual qabulxonasini (pm.gov.uz) o‘zbek davlatchilik maktabiga mansub adolatparvarlik, haqiqatni ta'minlash borasidagi an'analarning mantiqiy davomi bo‘ldi, deyish mumkin. Bugun minglab yurtdoshlarimiz hal etilmagan masalalar, muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakatimiz Bosh vaziriga murojaat qilmoqda.

Bunda murojaatni uch usulda – 210-00-00 yoki 10-00 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib (qo‘ng‘iroq mamlakatimiz bo‘yicha bepul bo‘lib, undan faqat statsionar telefonga qo‘ng‘iroq qilish narxi bo‘yicha haq olinadi), pm.gov.uz manzilidagi maxsus murojaat shaklini to‘ldirib yoki Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining hududiy tashkilotlariga borib yuborish mumkin. Sayt (pm.gov.uz) orqali onlayn murojaat yuborish shakli hamma uchun tushunarli va sodda tuzilgan. Saytda murojaat maqomini (javob berilgan-berilmaganini) tekshirish mumkin. Eng muhimi, onlayn murojaatlarda elektron raqamli imzo talab qilinmaydi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga dastlabki kuniyoq mamlakatimizning turli joylaridan mingga yaqin ariza, shikoyat va takliflar tushgan bo‘lsa, bugun murojaatlar soni 20 mingdan oshib ketdi. Quvonarlisi, hozirga qadar yuzlab muammolar tezda o‘z yechimini topdi.

Shu yil mart oyida urganchlik Zulfiya Bekberganovaning 25 yoshli o‘g‘li Xurram Qurbonovning bosh miyasida qon quyilish holati aniqlangan. Shifokorlar uni xorijda davolatishni tavsiya qilgan. Muolaja uchun 8 ming dollar zarur edi. Z.Bekberganova o‘tgan vaqt mobaynida milliy valyutani xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish bo‘yicha Xorazm viloyatidagi qator banklarga murojaat qilgan. Biroq ishi hal bo‘lmagan. Zulfiya opa so‘nggi umid sifatida shu yil 26 sentabrda Bosh vazirning virtual qabulxonasiga ariza jo‘natgan.

–  Portalga murojaat qilganimdan keyin oylar davomida meni o‘ylatgan muammo ikki kunda hal bo‘ldi, – deydi  Z.Bekberganova. – O‘g‘limni xorijda davolatish uchun xalqaro to‘lov kartasiga yetarlicha xorij valyutasini olganimda, quvonchdan yig‘lab yubordim. “Mana, bizday oddiy fuqarolarning ham dardini tinglaydigan, muammolarini hal qilib beradigan inson bor ekan-ku”, dedim. Bu portal O‘zbekistonda demokratiyaning mustahkam qaror topishida juda katta va muhim qadamdir.

Yana bir misol – Xorazm viloyati Xiva tumanida istiqomat qiluvchi Rohat Abdullayeva uyi buzilgach, 2014 yili yangi kottejga ko‘chib o‘tadi. Buzilgan uy shartnomada 139 million so‘mga baholanadi. Biroq bu mablag‘dan 38 million so‘mini hokimlik to‘lab bermaydi.

– Shu yil 26 sentabr kuni Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaat qildim, 28 sentabrda buzilgan uyimdan qolgan 38 million so‘mni bankdagi omonat daftarchamga o‘tkazib berishdi, – deydi R.Abdullayeva. –  Mahallamizdagi yangi kottejlarga ko‘chib o‘tgan 47 qo‘shnimda ham shu muammo bor edi. Viloyat va tuman hokimligi vakillari ularga ham qarzdorlikni to‘lab bermoqda. Mahallamizda bayram bo‘lib ketdi. Necha yillik muammolarimizni ikki kunda hal qilib bergani uchun Bosh vazirimizdan minnatdormiz.

Ha, bugungi fuqarolar bundan o‘n besh-yigirma yil avvalgi odamlar emas. Mazkur virtual qabulxonaga murojaatlar xalqimizning davlat hokimiyatiga va qonun ustuvorligiga ishonchi oshib borayotganidan dalolat. Bu jamiyatimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari samarali tatbiq etilayotgani, xalqimizning ulardan foydalanish madaniyati yuksalib borayotganining isbotidir.

Mahallamizda elektr energiyasini kuniga o‘rtacha 12 soat o‘chirishar edi, bu muammoga yechim izlab, bir necha marta tuman hokimligi va elektr tarmoqlari tashkilotiga murojaat qildik, biroq foydasi bo‘lmadi, – deydi Xorazm viloyati Gurlan tumani Saxtiyon qishlog‘ida yashovchi Jo‘rabek Bobojonov. – Shu yil 25 sentabrda Bosh vazirning virtual qabulxonasiga elektron murojaat yubordik, 29 sentabrda mutasaddilar qishlog‘imizga kelib, vaziyatni o‘rgandi va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov doim “Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi”, deb ko‘p ta'kidlar edi. Mahallamizda shu muammoning tez kunda bartaraf bo‘lgani misolida biz Bosh vazirimiz Birinchi Prezidentimiz g‘oyalariga naqadar sodiq ekaniga amin bo‘ldik.

Ellikqal'alik Ilhombek Yo‘ldoshev Toshkent tibbiyot akademiyasining travmatologiya va ortopediya yo‘nalishi bo‘yicha magistraturasida 2-kurs talabasi. U bu yil shartnomaga pul topa olmagan. Shu bois Ellikqal'a tumanidagi barcha bank filiallariga ta'lim krediti ajratishni so‘rab, murojaat qilgan. Aytishicha, buning uchun zarur barcha hujjatni to‘plab olib borsa-da, birorta bank xodimi ularni loaqal varaqlab ham ko‘rmagan.

– Bir kuni hatto soat 7 dan 19 gacha bankdan bankka qatnatib sarson qilishdi: biriga borsam, boshqasiga jo‘natadi, axiyri, sargardonlikdan hammasiga qo‘l siltab, Toshkentga qaytdim, – deydi I.Yo‘ldoshev. – Endi o‘qishni davom ettirishga ko‘zim yetmasdi. Shunda Bosh vazirning virtual qabulxonasi jonimga oro kirdi: murojaatim uch kunda hal bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vazirimiz Shavkat Mirziyoyev 5 oktabrda Samarqand viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda virtual qabulxonaga kelayotgan har bir murojaat Bosh vazirning nazoratida bo‘lishini ta'kidladi. Chindan ham shunday: agar mening arizam Bosh vazirimizga yetib bormaganda, bilmadim, yana qancha vaqt sarson yurardim yoki o‘qishni tashlab ketarmidim...

Yashirib nima qildik: quyi bo‘g‘inlardagi eskicha fikrlaydigan ayrim rahbaru xodimlarga arz qilib ikki-uch marta qatnagan odamga “yozuvchi”, “arizaboz” tarzida qaraydiganlar ham bor. Albatta, har qanday jamiyatda bo‘ldi-bo‘lmadi ishga darrov shikoyat yozadiganlar topiladi. Biroq sanoqli bunday kimsalar kasriga qolgan shaxslarning ham shikoyatlarini e'tiborsiz qoldirish – jamiyatda muammolarning ildiz otib ketishiga sabab bo‘lishi aniq-ku! Qolaversa, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning shartlaridan biri – fuqarolar o‘z haq-huquqlarini mukammal bilishi, zarur holda, ularni talab qila olish layoqatiga ega bo‘lishi lozim.

Bosh vazirning virtual qabulxonasi xalqimiz huquqiy madaniyatining yuksalib borish jarayonida samarali vosita, oydin ko‘zgu bo‘lmoqda.

Sirdaryo viloyati Xovos tumani Gulbahor shaharchasida yashovchi Muslimbek Xoliqberdiyev bu yil Guliston davlat universitetining ijtimoiy-iqtisodiy fakultetiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirdi. Biroq ota-onasi shartnoma pulini to‘lash imkonini topa olmadi. Shu bois uning onasi Shoira Abdug‘afforova joriy yil 7 sentabrda “Agrobank”ning Xovos tumani filialiga ta'lim krediti so‘rab, murojaat qiladi. Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta'lim kreditlari berish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tijorat banklari qarz oluvchining hujjatlarini 10 ish kunida ko‘rib chiqib, yozma xulosa berishi shart. Biroq Sh.Abdug‘afforova yigirma kunda ham aniq javob ololmay, sarson-sargardon bo‘ladi. Vaziyat shu darajaga yetadiki, 30 sentabrgacha shartnoma puli to‘lanmasa, Muslimbek talabalikdan mahrum bo‘lishi aniq edi.

– Shartnoma pulini to‘lash muddatiga uch kun qolgan, nima qilishni bilmasdik, bank xodimlarini sudga beraylik, desak, sud bu ishni ko‘rib chiqishiga bir oy kerak – juda boshimiz qotgandi, – deydi Sh.Abdug‘afforova. – 27 sentabr kuni Bosh vazirning virtual qabulxonasi haqida eshitdimu,  darhol murojaat qildim. Qarang, ertasi kuni “Agrobank” o‘g‘limga ta'lim krediti ajratdi. Ishim hal bo‘ldi, lekin bir savol meni qiynaydi: nega endi shunaqa kichkina masala ham, albatta, Bosh vazirimizga yetib borgandan keyin hal bo‘lishi kerak? Quyi bo‘g‘inlardagi rahbaru xodimlarga o‘z vazifasini qonun doirasida, vaqtida, sifatli bajarishga nima xalal beradi?!.

Darhaqiqat, agar fuqaroning muammosi quyi bo‘g‘inda hal bo‘lsa, u yuqori tashkilotlarga murojaat qilmaydi. Chunki bugungi zamon shiddatida har daqiqa – g‘animat, katta boylik. Shunday ekan, Bosh vazirning virtual qabulxonasidan o‘rnak olib, mahalliy davlat hokimiyati rahbarlari fuqarolar murojaatlarini shaxsan o‘z nazoratiga olishi, ularning muammolarini hal qilishda samarali tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti allaqachon yetib kelgan. Axir kimdir umid bilan hokimning oldiga borsa-yu, qabuliga kira olmasa, haftalab-oylab hokimiyat eshigida sarg‘aysa, shundan so‘ng qo‘li biror ishga boradimi? Shunday vaziyatdan keyin uning qalbida tabiiy nish ura boshlagan jamiyatdan norozilik ertaga gazak otib ketmasligiga kim kafolat beradi?!.

Sirdaryo tumani Shirin ko‘chasi 8-uyda yashovchi Mirsaid Nizomov Bosh vazirning virtual qabulxonasiga mazkur hududda 5-6 yildan buyon tabiiy gazda muntazam uzilishlar bo‘layotganini, ushbu masalani hal etishda yordam so‘rab murojaat qilgan. Sirdaryo viloyati hokimligidan ma'lum qilishlaricha, murojaatni o‘rganish jarayonida mazkur hududdagi gaz quvurlari chindan ham ta'mirga muhtoj ekanligi aniqlangan. Tez kunlarda mazkur gaz quvurlari ta'mirlanib, tabiiy gaz ta'minoti to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Savol tug‘iladi: ushbu hudud mutasaddilari nega mazkur masalani o‘z vaqtida o‘rganib, tezda chora ko‘rmadi? Yoki ular Bosh vazirga murojaatdan so‘nggina bu yerda gaz quvurlari chindan ta'mirtalab ekanini bilib qolishdimi?.. Yoki Sirdaryo tumani Uchtepa ko‘chasi 49-uyda yashovchi Tatyana Karevaning hududda ichimlik suvi muammosini hal etishni so‘rab qilgan murojaati o‘rganilganda, bu yerda ichimlik suvi ta'minotini to‘liq yo‘lga qo‘yish uchun 500 metrga quvur yotqizish lozimligi aniqlandi. Ayni paytda bu boradagi loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, 2017 yilgi Investitsiya dasturi asosida qurilish ishlari amalga oshirilishi belgilandi.

Shu yil 26 sentabrda Xorazm viloyati Yangiariq tumani Chiqirchi qishlog‘idan Hurmat Matyoqubov virtual qabulxonaga murojaat qilib, mazkur hududda toza ichimlik suvi yo‘qligi, quduqlar suvi sho‘r bo‘lgani uchun aholi 3 kilometr nariga borib, ichish uchun suv keltirayotganini aytadi. 2009 yili bu muammoni bartaraf etish uchun ish boshlangan, biroq chala qolgandi.

– Murojaatimizdan ikki kun o‘tib, qishlog‘imizda qurilish ishlari boshlanib ketdi, – deydi H.Matyoqubov. – Hozir 2009 yili yotqizilgan, ammo chirib ulgurgan quvurlarni ham qazib olib, yangilashyapti. Butun qishloq ahli necha yillik muammo hal bo‘lganidan o‘zida yo‘q xursand.

...Bunday misollar ko‘p. E'tiborlisi, hal bo‘lgan har bir murojaat ortida o‘nlab, hatto yuzlab odamlar hayotidagi bir o‘zgarish, yangilanish mujassam. Bu  fuqarolarning davlat hokimiyatiga, jamiyatga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashda nihoyatda muhim omildir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch” asarida jamiyatda adolat va haqiqatni qaror toptirish vijdon pokligi va bedorligiga bog‘liq ekanini ta'kidlagan: “Vijdoni uyg‘oq odam yon-atrofida bo‘layotgan voqealarga, yordam va ko‘makka muhtoj insonlarning muammolariga, adolatning toptalishiga befarq qaray olmaydi... Bunday holatlarni ko‘rganda vijdoni qiynaladi, doimo yonib-kuyib yashaydi, qanday qilib bo‘lmasin, ularni bartaraf etishga intiladi...”.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi barchamizni Birinchi Prezidentimizning buyuk da'vati – uyg‘oq vijdon bilan yashashga-ishlashga undayotgani bilan ahamiyatlidir.

Top