18:05 / 10.10.2016
6225

Deputatlar ekologik barqarorlikni saqlashga qaratilgan yangi qonun loyihasini muhokama qilishmoqda

Bugun Qonunchilik palatasida deputatlar “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ustida ishlashmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bergan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi huzuridagi kiritilayotgan qonun loyihalarini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqishni tashkil etish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi guruh tomonidan ro‘yxatga olingan “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasiga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi mas'ul etib tayinlandi. Qo‘mita huzurida dastavval ekspertlar guruhi tuzildi. Hozirgi vaqtda ushbu ishchi guruhi qonun loyihasini dastlabki o‘qishga tayyorlash ustida faoliyat olib bormoqda.

"Ekoharakat deputatlar guruhi tomonidan qonunchilik tashabbuskorligi asosida “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahriri loyihasi ishlab chiqildi. Taklif qilinayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar miqdorini kamaytirishi va uning sifati oshishiga, shu orqali atrof-muhit xavfsizligini ta'minlashga, shuningdek, inson hayoti, sog‘lig‘i va genofondini asrab-avaylashga, ekologik barqarorlikni saqlashga xizmat qiladi", – deydi qo‘mita a'zosi Davron Tangirov.

E'tiborlisi, qonun loyihasiga atmosfera havosining transchegaraviy ifloslanishi, ozon qavatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishni bartaraf etish, xalqaro darajada qo‘llanuvchi atmosfera havosiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydigan mahsulotlarni ishlatish va ishlab chiqarishni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirishga doir yangi normalar kiritilgan.

Top