17:09 / 10.10.2016
5650

Pavel Durovning "VKontakte"ni yaratish davomida chiqargan 10 xulosasi

Foto: tjournal

Bugun, 10 oktabr kuni "VKontakte" ijtimoiy tarmog‘i 10 yoshga to‘ldi. Shu kunning o‘zidayoq 2014 yilda bosh direktor lavozimini tark etgan "VKontakte" asoschisi Pavel Durov ham o‘zining 32 yoshligini nishonlamoqda. Durov o‘zining "VKontakte"dagi sahifasida ilk yirik loyihasini yaratish davomida olgan 10 saboq haqida so‘z yuritdi. 

1. Hamma narsani tez bajarish mumkin. "VKontakte"ning birinchi versiyasini bir oydayoq yaratdim. U tezda o‘sa boshladi. Kim nima deyishidan qat'i nazar, ish tez va sifatli yoki uzoq va sifatsiz bajariladi. 

2. Hamma narsani tez amalga oshirish kerak. 2006 yilda "VKontakte" bilan birga xuddi shu konsepsiyadagi bir necha sayt ishga tushdi. Hozirda ular unutilgan, chunki "VKontakte" tezroq rivojlandi. 

3. Boshqa sohalar bilan uyg‘unlashuvchi tomonga o‘sish kerak. "VKontakte" tarmog‘i SPbGU forumining muvaffaqiyati tufayli o‘sdi, SPbGU forumi esa - tilshunoslar saytining muvaffaqiyatidan. Har bir loyiha o‘zidan oldingi muvaffaqiyatli tajribaga tayanishi kerak. 

4. Inson ongli mavjudot. U siz taklif qilayotgan mahsulotingizni ko‘pincha his qila biladi. Har bir kichik ishlanma va yoqimli g‘oya yangi sodiq foydalanuvchilarni jalb qiladi. 

5. Bir necha rollarni uyg‘unlashtirish samarali natija berishi mumkin. "VKontakte" yaratilgan ilk damlarda men uning kod, grafika, shakl, interfeyslari va marketingini yaratganman. Bularning barchasini uyg‘unlashtirish boshqalar bilan muloqot qilish uchun ketadigan vaqtni tejash imkonini berdi. 

6. Faqat o‘z ichki his-tuyg‘ularingizga ishoning. Har safar o‘zimdan katta va aqlli kishilarning fikriga quloq tutganimda vaqtimni yo‘qotganman. Agar siz nima qilish kerakligini yaxshi his qilsangiz, nufuzli kishilarning fikrini ham rad eting. 

7. Miqdor sifat uchun xizmat qilmaydi. "VKontakte" jamoasi uncha katta bo‘lmasa-da, iste'dodli va qiziquvchan kishilardan tashkil topgandi. Bunday jamoa maosh uchun ishlovchi bir qo‘shin yollanma ishchilardan samaraliroq faoliyat olib boradi. 

8. Hech kimga 100 foiz ishonmang. Kishilarni qachondan beri bilishingiz va qanchalik ishonchga loyiq, deb hisoblashingizning ahamiyati yo‘q - asosiy masalalarni shaxsan nazorat qilish lozim. 

9. Qo‘rquv mantiqsiz bo‘ladi. "VKontakte"ni boshqarish davomida ko‘p sinovlarga duch keldik - DDoS-hujumlar, jinoiy ishlar, aksionerlar urushi, medialar urushi, da'volar, fitnalar va hokazo. Hissiyotlar samara bermaydi, shunday ekan, kerakli ishni bajarsangiz bas. 

10. Tamoyillar daromaddan muhimroq. Raqiblar reklama, aksiyadorlar va amaldorlar foydasiga xizmat qilgan bir vaqtda "VKontakte" tarmog‘i o‘z foydalanuvchilari manfaatini himoya qildi. Insonlar manfaati yo‘lida xizmat qilish - haqiqiy omadga erishishning yagona sababi. 

Mavzuga oid
Top