17:13 / 11.10.2016
11949

Rossiya: AQSh o‘rta va qisqa masofalarga uchuvchi raketalar bo‘yicha shartnomani buzdi

Foto: upi.com

AQShning Ruminiya va Polshada RQM tizimlarini joylashtirishi O‘rta va qisqa masofalarga uchuvchi raketalar bo‘yicha shartnoma bandlarini buzadi. Bu haqda, Rossiya Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi rahbari birinchi o‘rinbosari Viktor Poznixir bayonot bergan.
 
Poznixirning izoh berishicha, gap universal Mk.41 kema uchiruvchi qurilmalari haqida bormoqda. Ular, Standard SM-3 raketalarga qarshi vositalardan tashqari, uzoq masofaga ucha oladigan Tomahawk qanotli raketalarini uchirishga imkon beradi. Ruminiya va Polshadagi RQM bazalarida esa aynan ushbu uskunalar o‘rnatiladi. 

«Qanotli raketalarni kemalardan uchirishda qo‘llaniladigan uskunalarning quruqlikda joylashtirilishining o‘zi AQSh tomonidan o‘rta va qisqa masofalarga uchuvchi raketalar to‘g‘risidagi shartnomani buzilishini anglatadi», — deb ta'kidlagan Bosh shtab mulozimi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning deyarli barcha Yevropa hududi Amerika qanotli raketalari zarbasiga uchrashi mumkin. «Bunda Yevropa va RQM kemalaridagi Mk.41 uskunalarini Tomahawk qanotli raketalari bilan jihozlash ishlari qisqa muddatda va yashirin tarzda amalga oshirilishi mumkin», — degan Poznixir.

Xususan, Ruminiyaning Deveselu tumanida Aegis Ashore (Ijis Eshor) uskunalarini qurish ishlari 2015 yil mayida yakunlangan edi. O‘sha yilning dekabr oyida undan to‘liq foydalanish mumkin edi. Yana bitta xuddi shunday inshoot Polsha shimolidagi Redzikovo tumanida barpo etilmoqda. U 2018 yilda tayyor bo‘ladi. 

Aegis Ashore kemalarga o‘rnatiluvchi Aegis tizimining quruqlikka o‘rnatiladigan namunasidir. Yerga o‘rnatiladigan va to‘rt qavatli uy balandligiga mos keluvchi 900 tonnalik uskuna raketalarni uchirish universal qurilmasiga ega. 

Top