16:42 / 11.10.2016
33662

O‘zbekistonda moliyaviy piramidaga pul tikkanlarning 5-10 foizigina o‘z mablag‘ini qaytarib olishi mumkinligi ma'lum qilindi

Moliyaviy piramida bu ishonuvchan fuqarolarni shilishga asoslangan firibgarlikdir, deb yozmoqda “Huquq” nashri.

Bosh prokuratura vakili Alimardon Ahmadovga ko‘ra, pul mablag‘larini jalb qilish jarayonida avvalgi bo‘g‘in uchun va'da qilingan “oson pullar” keyingi bo‘g‘in ishtirokchilarining pul mablag‘lari hisobiga to‘lanadi. “Ushbu firibgarlik har qanday ko‘rinishlarida ham tez tugashi va o‘zining yagona oqibati sifatida ming-minglab, hatto millionlab aldangan fuqarolarning kasodini keltirib chiqarishi tayin. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu vositaga pul tikkan fuqarolarning 5-10 foizigina o‘z mablag‘ini qaytarib olishi mumkin, bu ham har doim emas”, deb yozadi A. Ahmadov.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil 23 sentabrdagi qonun bilan O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga “Pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat” deb nomlangan 188/1-modda kiritildi. Bunga muvofiq, moliyaviy piramidada ayblangan shaxs yoki guruhlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
 

Top