13:25 / 12.10.2016
62456

Tatyana va Lola Karimova Minor masjidini ziyorat qilishdi

Foto: Vakillik.uz

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova va qizlari Lola Karimova 2016 yil 10 oktabr kuni shahrimiz markazida qad rostlagan “Minor” jome masjidini ziyorat qilish maqsadida tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi sayti ma'lum qildi.

Ushbu masjidni respublikamizning birinchi Prezidenti I.A.Karimovning bevosita tavsiyalari va tashabbuslari bilan 2013 yil 29 iyulda Toshkent shahrining Minor mahallasi hududida bunyod etilgan.  O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova va qizlari Lola Karimovalarni O‘MI Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov, Toshkent shahar vakilligi xodimlari va masjid jamoasi kutib olishdi. Ziyoratchilar dastavval masjidga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlab turgan favvora va hududda olib borilgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishtirildi. Shuningdek, masjidning ichki hovlisi, O‘MI Toshkent shahar vakilligi ma'muriyati xonasi va masjid xonoqoxini ziyorat qilishdi.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov masjidning qurilish tarixi, masjid sig‘imi, yurtimizning turli viloyatlaridan kelayotgan ziyoratchilarning yurtimiz va yaqinda vafot etgan yurtboshimiz haqlariga qilayotgan duolarini aytib o‘tdi. A.Tursunov masjidning qurilishi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov janoblarining tashabuslari bilan chiroyli va ko‘rkam holga keltirilganligini, ushbu qilingan barcha ishlar tahsinga sazovor ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Tatyana Karimova va qizlari Lola Karimovalar “Minor” masjidiga qilgan ziyoratlaridan mamnun bo‘lganliklarini bildirib, birinchi Prezidentimizning 1992 yil Umra safarida Saudiya Arabistoni qiroli tomonidan hadya qilingan kisvani masjid jamoasiga hadya qilishdi. Ushbu kabapo‘shning qadri yana shu bilan balandki, ushbu kisva bir yil davomida Kabayi Muazzama ichida saqlangan.

Ziyorat so‘ngida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimovning haqlariga Qur'on tilovat qilinib, ruhi poklariga bag‘ishlandi. Shuningdek, ziyoratchilarga “Minor” masjidi nomidan esdalik sovg‘alar topshirildi.

 
Toshkent shahar vakilligi xodimi Ilhom Elmurodov 
Suratlar: Vakillik.uz
Top