19:14 / 13.10.2016
11879

Buyuk Britaniyaning eng qobiliyatli va eng qobiliyatsiz bosh vazirlari reytingi e'lon qilindi

Foto: © EPA/ABIR SULTAN/POOL

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Devid Kemeron Birlashgan Qirollikning Ikkinchi jahon urushi davridan keyingi eng qobiliyatsiz bosh vazirlaridan biri, deb tan olindi. Bu haqida 13 oktabr, payshanba kuni The Independent nashri chop etgan reytingdan bilib olish mumkin. Reyting Lids universiteti tomonidan 82 nafar nufuzli mutaxassislar fikridan kelib chiqqan holda tuzilgan.

Mamlakatning sobiq bosh vaziri Devid Kemeron Brexit tufayli reytingning oxiridan uchinchi o‘rinni egalladi. "Kemeronning muvaffaqiyatli koalitsion hukumat rahbari rolidagi yutuqlariga qaramay, uning nufuzi va tarixdagi o‘rni Brexit bilan belgilanadi", - deydi Lids Universiteti professori Kevin Tikston.  

Manbaga ko‘ra, reytingni tuzishda ishtirok etgan ekspertlarga har bir hukumat rahbari faoliyatini 10 balli shkala bo‘yicha baholash taklif etilgan. 

"Brexit qanday yakun topishiga qarab, kelajakda tarixchilar va siyosatchilarning Kemeronga nisbatan qarashlari o‘zgarishi mumkinligi ehtimoldan xoli emas, - deydi professor Tikston. - Biroq hozircha Britaniya ekspertlarining Kemeronga bo‘lgan munosabati salbiy". 

Urushdan keyingi Buyuk Britaniyaning eng qobiliyatsiz rahbari sifatida mutaxassislar konservator Entoni Iden nomini qayd etishdi, u 1955-1957 yillarda hukmronlik qilgan. Ro‘yxatning oxiridan ikkinchi o‘rinda esa yana bir konservator Aleksandr Duglas-Xyum (1963-1964) nomi keltirilgan.

Birlashgan Qirollikning urush yillaridan keyingi eng qobiliyatli bosh vazirlari ro‘yxatidan leyborist Klement Ettli (1945-1951 yillarda hukumatni boshqargan), konservator Margaret Tetcher (1979-1990) va leyborist Toni Bler (1997-2007) joy olgan.  

 

Mavzuga oid
Top