08:04 / 13.10.2016
15080

Yemelyanenkoning qiziga chechenlar hujum qilmagan

Grozniydagi «Axmat» jangovar klubi matbuot xizmati rahbari Adam Axmadov rossiyalik qoidasiz jang ustasi Fedor Yemelyanenkoning qiziga hujum qilingani to‘g‘risidagi OAVda paydo bo‘lgan xabarlarga munosabat bildirdi. Uning so‘zlarini «Govorit Moskva» radiosi keltirgan.

«Chechenlardan birontasi bu ishni qilgan deb o‘ylamayman. Tortishuv allaqachon barham topdi va hozirda, tarmoqda vaziyatni keskinlashtirishga urinish ko‘zga tashlanayapti. O‘ylaymanki, bu fitnadir. Biron erkak, biron chechen, ishoning, umrida hech qachon bolaga qo‘l ko‘tarmaydi», — degan Axmadov.

Uning fikricha, bugungi kunda ko‘pchilikka «hozir Chechenistonda hammasi yaxshi ekani» yoqmaydi. 

Avvalroq, Yemelyanenkoning murabbiyi Vladimir Voronovning ma'lum qilganidek, sportchi qizini noma'lum kimsalar urgani to‘g‘risidagi xabarlarga qaramay, Eski Oskolda mashg‘ulotlarni davom ettirmoqda. OAV xabarlariga ko‘ra, Yemelyanenkoning 16 yoshli qiziga hujum uyushtirilgani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Dastlab, «Moskovskiy komsomolets» gazetasi sportchining 9 yoshli qizini noma'lum kimsa ko‘chada urgani va qochib ketgani haqida yozgan edi. 

6 oktabr kuni Yemelyanenko Grozniyda o‘tkazilgan aralash yakkakurashlar (MMA) qoidalari bo‘yicha Ramzon Qodirov farzandlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan janglarni tanqid qilgan edi. Fyodorning fikricha, 12 yoshga yetmagan bolalar himoya moslamalarisiz ringga ko‘tarilgan. Bunga javoban, chechen mulozimlari va sportchilari Yemelyanenko bilan dahanaki jang qilishdi. Qodirov o‘z tarafdorlarini tortishuvni bas qilishga chaqirgach, voqea barham topgan edi. 

 

Top